Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Norin – “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman”ga aylanadi
20:51 / 2026-01-30

Prezidentimizning 2025 yil 8 oktyabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ga ega 33 ta namunaviy tuman va shahar tashkil etish dasturi bo‘yicha har yili umumiy qiymati 50 million dollarlik 10 ta yirik investitsiya loyihasini ishga tushirish kutilmoqda.

Jumladan, Namangan viloyatining Norin va Kosonsoy tumanlarida aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyatini olib borishi uchun namunali hududga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruhi hududlarni 2026 yilda iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturlari bilan joyiga chiqqan holda tanishuv doirasida Norin tumanida bo‘ldi. 

Norin daryosining Yuqori Cho‘ja mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi 2,6 kilometr qismida sohil bo‘yi turizm majmuasi barpo etiladi. Viloyat rahbari ob’ekt loyihasi bilan tanishib, uni takomillashtirish, hududda sohil bo‘yi turizmi xizmatlarini shakllantirish lozimligini ta’kidladi. 

[gallery-27394]

Cho‘ja qishlog‘idan Haqqulobod shaharchasigacha bo‘lgan asosiy yo‘lning ikki chetida baliq savdosi bilan shug‘ullanayotgan o‘nlab shoxobchalar bor. Ular faoliyatini tartibga solish, sotuvchi va xaridorlarga sharoit yaratish vaqti keldi. O‘rganishlar davomida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratildi. 

Viloyatdagi moddiy madaniy meros ob’ektlaridan “Buloqli mozor” ziyoratgohi odamlar eng ko‘p tashrif buyuradigan tarixiy maskanlardan. Ayniqsa, yoz mavsumida ziyoratchilar soni ortadi. Lekin bu yerda ularga yaratilgan zarur sharoitlar talab darajasida emas.

Shu joyda ichki turizmni rivojlantirish, sayyohlar oqimini oshirish uchun, eng avvalo, zamonaviy sharoit yaratish zarurligi qayd etilib, ushbu manzilda alohida loyiha ishlab chiqish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. 

Davlatimiz rahbarining 2025 yil sentyabr oyida Namangan viloyatiga amalga oshirgan tashrif manzillaridan biri – Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasida keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 

Tuman hokimligida Norinni 2026 yilda iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturi muhokama qilindi. Viloyat rahbari Shavkat Abdurazzoqov “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” dasturi doirasida ajratilayotgan 100 milliard so‘mdan aniq hisob-kitob bilan maqsadli va samarali foydalanish lozimligini uqtirdi. 

Muhokamalar jarayonida dasturlar ijrosi orqali aholining ko‘p yillik muammolarini bartaraf etish, odamlarni bugunidan rozi bo‘lib yashashi uchun ularga sharoit va yangi ish o‘rinlari yaratish, bandlikni ta’minlash, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, asosiy ko‘chalarga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, baliqchilikni rivojlantirish borasidagi mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish borasida aniq vazifalar belgilab olindi. 

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.