Namangan viloyati hokimligi va Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamkorligida Norin tumanida yoshlar kuni tashkil etildi.
Bu tadbir doirasida yoshlarning bo‘sh vaqtidan unumli foydalanishiga zarur sharoitlar yaratish, ertamiz egalarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ishsiz yurgan yigit-qizlar bandligini ta’minlash, yosh avlod vakillarining murojaatlarini eshitishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Dastavval, tuman markazidagi sun’iy qoplamali mini-stadionda o‘qish va ish bilan band bo‘lmagan uyushmagan yoshlar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha “Hokim kubogi” musobaqasiga start berildi. Mahalla fuqarolar yig‘inidagi ikki yozdan ziyod o‘smirlardan shakllangan 20 jamoa ishtirok etayotgan turnirning ilk uchrashuvini Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov ramziy to‘p tepish bilan boshlab berdi.
Bir hafta davom etadigan bahaslarda g‘olib chiqqan jamoalarga komppyuter jamlanmasi, mebellar to‘plami va noutbuk kabi qimmatbaho sovrinlar taqdim etiladi.
Bolalar va o‘smirlar sport maktabining “Olimp” zalida boshlangan voleybol bo‘yicha bahslar ham qizg‘in davom etmoqda. To‘da va Qo‘shariq mahallari jamoalari ishtirokidagi dastlabki o‘yinda viloyat hokimi ham maydonda harakat qildi.
Viloyat va tuman sektorlari rahbarlari sport maktabidagi sport seksiyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Birgina, shaxmat-shashka to‘garagining o‘zida 70 nafarga yaqin yoshlar aql-idrokini charxlab kelmoqda.
Yaqinda taekvando WTF bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan Gulsanam Alijonova va yunon-rum kurashi bo‘yicha mamlakat chempionati g‘olibi Asadbek Hojiyevga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. Kelasi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalarini olish uchun hozirdanoq tadorik ishlariga kirishish lozimligi, buning uchun barcha imkoniyat va sharoitlar hozirlanishi qayd etildi.
Haqqulobod shaharchasidagi o‘yingohda o‘tkazilgan “Vatanni mardlar qo‘riqlaydi” shiori ostidagi harbiy-vatanparvarlik festivalida Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi alohida topshiriqlar bo‘linmasi, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillarining chiqishlari namoyish qilindi. Milliy armiyamiz salohiyatini ko‘rsatuvchi harbiy texnika, qurol-yarog‘ va aslahalar ko‘rigi tashkil etildi.
Tuman mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan “Temurbeklar” harbiy-sport musobaqasida umumta’lim maktablarining o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Tuman madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etib, norinlik yoshlarning yuzdan ziyod murojaatlarini tingladi. Yoshlarning kredit, bandlik kabi muhim murojaatlari bo‘yicha guruhlarga ajratib, shu yerning o‘zida masalalarini hal etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.
Muloqot davomida shu narsa ayon bo‘ldiki, aksar yoshlar hozirgi kunda ishsizlik, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit olish, bo‘sh bino va yer maydonlarini ajratish singari muammolarga duch kelmoqda. Qolaversa, hududlarda sport majmualarini bunyod etish, fitnes klub va arxitektura-qurilishga o‘rgatish markazini tashkil etish, arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotishga mo‘ljallangan dala do‘konlar qurish kabi murojaatlar ham dolzarb masalalar sirasidan.
Masalan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulmira Yo‘ldoshevaning murojaatiga ko‘ra, 13-sonli umumta’lim maktabida sport zali mavjud emas. Ma’lum bo‘lishicha, Norin tumanidagi jami 9 maktabda mana shunday muammo ko‘ndalang turibdi.
Viloyat rahbari xalq ta’limi mutasaddilariga jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish imkoniyati yo‘q maktablarda yengil konstruksiyali sport zallarini barpo etish bo‘yicha dasturga kiritish uchun takliflar tayyorlash vazifasini topshirdi. Shavkat Abdurazzoqov mazkur muammoni viloyat miqyosida tahliliy o‘rganib chiqish zarurligini qayd etdi.
Sho‘ro mahallasida yashovchi Fayzullo Omonaliyev 24 yoshda. U oliygohni tamomlagach, maktabda matematika fanidan o‘quvchilarga ta’lim bermoqda. Ishidan bo‘sh paytlarida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. O‘zi ta’sis etgan fermer xo‘jaligida 7 maktabgacha ta’lim tashkilotiga sut va sut mahsulotlarini yetkazib beradi. Yaqinda Xitoydan 16 ming dollar miqdoridagi sutni qayta ishlash texnikasini olib keldi. Endilikda ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida unga 150 million so‘m miqdoridagi moliyaviy ko‘mak zarur.
Uchrashuvda mazkur murojaatni tinglagan viloyat rahbari mana shunday ishbilarmon yoshlar safini ortishi uchun barcha imkoniyat va rag‘batlantirishlar berilishiga tayyorligini ma’lum qildi. Markaziy bank viloyat boshqarmasi boshlig‘i G‘aybullo Vohidov va Norin tumani hokimi Dilmurod Qodirovga yosh tadbirkor so‘ragan 150 million so‘m kredit mablag‘ini ajratib berish, uning faoliyatini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab borish vazifasini yukladi.
To‘da mahallasida istiqomat qiluvchi 18 yoshli Shahnoza Arslonova pedagogika kollejini bitirib, ishga joylasha olmadi. O‘zi va dugonasi chevarchilikka qiziqishadi, lekin tikuv mashinasi olishga mablag‘dan qiynalishgan. Viloyat rahbari uchrashuv yakunigacha bu masala ijobiy hal bo‘lishini aytdi. Shahnozaga tadbir yakunida tuman sektor rahbarlarining sa’y-harakati bilan o‘zi orzu qilganidek bir emas, ikki dona tikuv mashinasi topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA