O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori hamda 5 ta muhim tashabbus doirasida Namangan viloyatining Norin tumani markazida ham «Iste’molchilar uyi» ma’muriy kompleksi qurilib ishga tushirildi.
Unda aholining iste’mol madaniyatini oshirish maqsadida tashkil etiladigan «Iste’molchi kutubxonasi» bilan bir qatorda, xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur binoning tantanali ochilish marosimi o‘tkazilib, unda Federatsiya markaziy apparati, viloyatlar hududiy birlashmalari rahbar va mas’ul xodimlari, mahalliy hokimlik hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘z olgan tuman hokimi Jo‘rabek Nurmatov, federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov, Oliy majlis senati a’zosi N.Abdullayev, Respublika Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Q.Qirg‘izaliyev hamda boshqalar «Iste’molchilar uyi» tuman aholisining iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlash maskani bo‘lib qolishini ta’kidladi.
O‘zA