Bugun poytaxtimizdagi "Turkiston" san’at saroyida "OLTIN QALAM" XVI MILLIY MUKOFOTI g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova internet-jurnalistikasi nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Ushbu mukofot bilan hamkasbimizni qutlab, taassurotlari bilan o‘rtoqlashishni so‘radik.
- Qo‘liga qalam tutgan ijodkor borki, oltin qalam sohibi bo‘lishni orzu qiladi, - dedi N. Abduraimova. - Lekin bu qalamga ega bo‘lish oson emas. Buning uchun ko‘proq mehnat qilish kerak.
“Oltin qalam” xalqaro milliy tanlovi mamlakatimizda bu yil 16-marta o‘tkazilmoqda.
O‘ylaymanki, yillar o‘tgani sari bu tanlov, ta’bir joiz bo‘lsa, tom ma’noda o‘zligini topmoqda. Chunki so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar qilinganidan keyin milliy jurnalistikada ham o‘yg‘onish kuzatildi. Fikrimizni, tanqidni bemalol ayta olish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Jahon matbuoti erkinligi kuni ham aynan shu maqsadlar ro‘yobga chiqishini taqozo qiladi.
Shu o‘rinda bir fikrni aytib o‘tmoqchi edim. Jurnalistga erkinlik berilmaguncha u erkin yoza olmaydimi yoki tanqid qila olmaydimi?
Qo‘liga qalam ushlagan professional jurnalist hech qachon o‘zligidan kecha olmaydi, menimcha. Ya’ni u yuragi buyurganini baribir yozadi. Lekin yozganlari chop etilmaydi, tahrirda erkin fikri, tanqidi uzib olib tashlanadi. Demoqchimanki, biz uzoq yillar mana shunday noxush vaziyatni ham boshdan kechirdik.
Faqat davlatimiz rahbarining dadil irodasi bilan jamiyatda qaror topayotgan so‘z erkinligi tufayli biz barcha fikrimizni ayta olish, e’lon qila olish baxtiga musharraf bo‘ldik.
Odamlarning dardini eshitib, ularni ochiq ayta boshladik. Eng muhimi, muammoli masala ko‘tarilganda unga mas’ul idoralarning munosabat bildirayotgani, o‘sha muammo yechimini topayotganidir.
Aynan shunday qaynoq jarayonlar bilan yashab, ijod qilayotgan haqiqiy professionallar bugun oltin qalam sohiblariga aylanayotganidan mamnunman.
Zero, so‘z erkinligidan foydalanib, sohani tirikchilik manbaiga aylantirib yurganlar ham hozir kam emas.
Prezidentimizning “Men professional jurnalistlarni hamisha va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorman», degan fikrlari bugungi tanlov timsolida yana bir bor amalga oshdi.
Yana bir narsani e’tirof etib o‘tmoqchiman. O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi tanlovni tashkil etishda juda katta sa’yi harakatlarni amalga oshirdi. Ochiqlik ta’minlanishi bilan birga har bir ijodkorning mehnatini ko‘rsatib berish bo‘yicha bu yil katta ishlar qilindi.
Bugun qo‘liga “Oltin qalam” ushlagan jurnalistlar shu paytgacha faol ishlagan bo‘lsalar, buyog‘iga ulardan katta fidoyilik talab qilinadi. Axir bu qalam ularga qalamlari yanada o‘tkir bo‘lishi uchun taqdim etilmoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.