Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noreal qarzdorliklarga qachon chek qo‘yiladi yoki “Bilsa hazil, bilmasa chin”mi?
11:22 / 2022-09-29

Fuqaroning noroziligi “Navoiyshahargaz” ta’minoti korxonasi tomonidan shaharning “Ma’rifat” ko‘chasi 103/1-xonadonda foydalanilgan gaz to‘lovi uchun 3 million 418 ming 189 so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblanganidan so‘ng boshlandi...

Navoiy shahar “Ma’rifat” ko‘chasi 103/1-xonadonda yashovchi N.Tosheva O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, xonadonida foydalanilgan gaz uchun katta miqdorda noreal qarzdorlik hisoblangani, bu to‘g‘rida shahar gaz idorasiga qilgan murojaatlari samarasiz bo‘layotganidan shikoyat qilib, iste’molchi sifatida buzilayotgan huquqlarining himoya qilinishida amaliy yordam so‘raydi.

Murojaat tegishli tartibda Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqildi va fuqaroning e’tirozlari asosli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shahar gaz idorasi bilan olib borilgan muzokaralardan natija bo‘lmagach, jamiyat tomonidan fuqaroning huquqini himoya qilish maqsadida sudga da’vo arizasi kiritildi.

2022 yilning 24 avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi binosida taraflarning ishtirokida, da’vogar Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati fuqaro Tosheva Nodira Jo‘rayevna manfaatida javobgar “Navoiyshahargaz” ta’minotiga nisbatan “mansabdor shaxsning xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish va ma’naviy zarar undirish haqida”gi da’vo arizasi bo‘yicha fuqarolik ishi ko‘rib chiqildi.

– Sud O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksning 249-253-moddalarini qo‘llab, javobgar - “Navoiyshahargaz” ta’minoti mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, fuqaro N.Toshevaning xonadoni bo‘yicha hisoblangan 3 million 418 ming 189 so‘m miqdordagi noreal qarzdorlikni bekor qilish, javobgar hisobidan davlat daromadiga 900 ming so‘m miqdorida davlat boji hamda manfaatdor shaxs - Nodira Toshevaning foydasiga 500 ming so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida hal qiluv qarorini qabul qildi, – deydi Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati rahbari Ravshan Pardayev. – Muammo hal etildi - fuqaroning murojaati qanoatlantirildi, uning buzilayotgan haq-huquqlari himoyalandi.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning quyi tuzilmalariga fuqarolardan bo‘layotgan murojaatlar tahlilidan ko‘rinadiki, ariza, shikoyat va noroziliklarning asosiy qismini yuqoridagi kabi noreal qarzdorlik hisoblanishi holatlari va uning oqibatida kelib chiqayotgan muammoli vaziyatlar tashkil etadi.
Haqli savol tug‘iladi: Nega? Bu yuqoridagi kabi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning “Bilsa hazil, bilmasa chin” qabilidagi ish uslubimi?

Siz nima deysiz?

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA