Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Norasmiy ish o‘rinlarini legallashtirish hisobiga 824 ming aholi band qilingan
12:51 / 2024-01-18

Mamlakatimizda yangi ish o‘rinlarini yaratish, xotin-qizlar va mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Birgina 2023 yilning 11 oyida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 2 466,7, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohasida 2 207,7, investitsiyalar va mahalliy sanoatni rivojlantirish hisobiga 264, qurilish va kommunal sohasida 150 ming aholi bandligi ta’minlangan.

Shuningdek, respublika bo‘yicha doimiy ish o‘rinlarida 2 million 361 ming, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda 2 million 580 ming, norasmiy ish o‘rinlarini legallashtirish hisobiga 824 ming nafar aholi band qilingan. Tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan esa 625,8 ming ishsiz fuqarolarga bandlik xizmatlari ko‘rsatilgan.

Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Musayevga Qonunchilik palatasining “Hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan yuborilgan parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilgan.

Vazir javobida keltirilganidek, bugungi kunda vazirlik tizimidagi mavjud 6 ta maqsadli jamg‘armalar ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholi, xotin-qizlar, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar bandligini ta’minlashga yaqindan ko‘maklashib kelmoqda. O‘tgan yilning yanvar noyabr oylarida 8,6 ming korxona va tashkilot tomonidan taqdim etilgan 39,4 ming buyurtmalarga asosan 107 ming band bo‘lmagan aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan.

2023 yilda esa mehnat bozoriga kirib kelgan 700 mingdan ortiq bitiruvchilarning 255,6 ming nafarining bandligi ta’minlangan. 467,5 ming nafarini doimiy ishlarga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilganidek, sohani raqamlashtirish, vazirlik tizimidagi tashkilotlar, mahalliy hokimliklarning tashkil etilgan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning muvofiqligini ta’minlash hamda “Aholini daromadli mehnat bilan band qilish” dasturi ijrosini doimiy monitoring qilish maqsadida yangiish.mehnat.uz elektron dasturi ishga tushirilgan.

Shu bilan birga, kasb-hunar va malaka oshirish kurslarini tamomlagan bitiruvchilar bandligini shaffof va xolis monitoring qilish uchun “Yagona milliy mehnat tizimi” IDAK, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat xizmatlari agentligi, “Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan integratsiya qilingan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javobni ko‘rib chiqar ekan, aholini daromadli mehnat bilan band qilish borasidagi ishlarni jadallashtirish, ish beruvchilarni moliyaviy rag‘batlantirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash lozimligini ta’kidladi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA