Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noqonuniy yo‘llar bilan egallagan yer maydonlari davlat zaxirasiga qaytarilmoqda
17:35 / 2024-07-25

Qaror va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 fevraldagi «Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha hududlarda keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda.  

Jumladan, birgina Sirdaryo misolida oladigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda 1 850 ta holatda jami 673,2 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan.

– Nazorat tadbirlarida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuqorida qayd etilgan yerlarga oid qonunbuzilish holatlari sodir etilayotganligi faktlari aniqlanib, qonuniy choralar ko‘rilmoqda, – deya fikr bildiradi Kadastr agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Ro‘ziqulov. – Qonunbuzilish holatlarini sodir etgan shaxslarga yozma ko‘rsatmalar berilgan. Ushbu ogohlantirishdan so‘ng 1 270 ta holatda 53 gektar yer maydonida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari joyida bartaraf etilib,  davlat zaxirasiga qaytarildi. Qolgan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonidagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha sudlarga da’vo arizasi kiritildi.  

Ma’lumotga ko‘ra, viloyatda joriy yilning olti oyi davomida huquqbuzarliklar to‘g‘risida jami 1009 ta ma’muriy ish hujjati tuzilgan. Tayinlangan jarimalar 688 ta  huquqbuzar tomonidan to‘langan.  

– O‘z vaqtida undirilmagan 120 ta jarimaning huquqbuzarlar tomonidan belgilangan muddat ichida to‘lamagani sababli Majburiy ijro byurosiga yuborildi, – deydi Kadastr agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i. – Qolgan jarimalarni undirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, Sardoba tumanining «Bo‘ston» MFY hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida fuqaro tomonidan hech qanday huquqiy hujjatlarsiz o‘z uyiga tutash bo‘lgan 60 kv.m yer maydonini o‘zboshimchalik bilan o‘rab olib, yashab turgan uyining tutash qismiga qo‘shimcha 12 kv.m noqonuniy turar joy binosi qurgan. Holat yuzasidan inspektorlar tomonidan fuqaroga tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ushbu noqonuniy qurilishni bartaraf etish to‘g‘risida rasman ogohlantirildi. Natijada fuqaro tomonidan noqonuniy qurilma ixtiyoriy ravishda bartaraf etilib, ushbu yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarildi.

Bundan tashqari, tumanning «Dehqonobod» MFY hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida bir fuqaro tomonidan hech qanday huquqiy hujjatlarsiz o‘z uyiga tutash bo‘lgan qismi – 12 kv.m yer maydoni egallab olingan va noqonuniy savdo do‘koni qurilgan. Inspektorlar tomonidan fuqaroga tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, uni bartaraf etishi to‘g‘risida rasman ogohlantirildi. Fuqaro tomonidan noqonuniy qurilma ixtiyoriy ravishda bartaraf etilib, ushbu yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilishi ta’minlandi, – deydi Kadastr agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Ro‘ziqulov.

Darhaqiqat, har bir qarich yerning hisobi bor. Bugungi kunda Kadastr agentligi tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joylarda yer va kadastr nazorati tadbirlari o‘tkazilishi davom etmoqda. Noqonuniy yo‘llar bilan yerni egallaganlarga esa qonun doirasida yondashilaveradi.  

Abdulaziz RUSTAMOV,

O‘zA