Ma’lumki, yurtimizda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish, ularga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda Biznes-ombudsman tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shunga ko‘ra, Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “Huaxin Cement Jizzakh” MCHJ XK Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo Davlat soliq inspeksiyasining harakatidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Jamiyat tomonidan boshqa tadbirkorlik sub’ektlari bilan shartnomalar tuzilgan. Ammo jamiyatning faoliyatida amalga oshirilgan kameral soliq tekshiruvi natijasida ushbu shartnomalar ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilganligi vaj qilinib, soliq inspeksiyasi tomonidan Jamiyat hisobidan qonun-hujjatlari talablarini buzgan holda 687 million so‘m undirilgan.
Soliq kodeksining 14-moddasiga ko‘ra, huquqni suiiste’mol qilish, bitim qalbakiligi (ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilganligi) holatlarini aniqlash, shuningdek ularning oqibatlarini qo‘llash soliq organlari tomonidan, soliq to‘lovchi norozi bo‘lgan taqdirda esa – soliq organlarining da’vosi bo‘yicha sud tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritilib, natijada Jamiyat hisobraqamidan yechib olingan mablag‘lar qaytarilishi belgilandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA