“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari nazorat organlari bilan hamkorlikda joylarda reyd tadbirlari tashkil etmoqda. Tekshiruvlar natijasida suv ta’minoti va oqova suv tizimlariga 8 500 ta noqonuniy ulanish holati aniqlangan.
Bunda eng yuqori ko‘rsatkichlarni Farg‘ona viloyati, Toshkent shahri, Sirdaryo viloyati egallagan.
Mazkur qonunbuzarliklar sababli jamiyat manfaatlariga jami 75,7 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan respublika bo‘yicha 26,9 ming nafar jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi uchun suv ta’minoti tarmog‘idan uzilgan. Ushbu holatlarning 13,3 mingtasi, ya’ni eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlash joiz, hisobot davri davomida suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha 139,3 ming nafar iste’molchidan jami 421 milliard so‘mlik mablag‘ni undirish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan.
Kiritilgan ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 68,5 mingta 224 milliard so‘mlik sud qarorlari qabul qilinib, bugungi kunda Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Brifingda suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanishga amaldagi qonunchilikda jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan bo‘lib, qonunbuzarlarga belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rilishi qayd etildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri