Noqonuniy tovarlar borligi fosh bo‘ldi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Xo‘jadavlat” temir yo‘l chegara bojxona posti orqali yurtimizga olib kelingan konteyner o‘rnatilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Hujjatlarga ko‘ra konteynerda 24 tonna 500 kilogramm og‘irlikdagi protein, kosmetika mahsulotlari va gazlamalar olib kelingan. Biroq o‘tkazilgan tekshiruv natijasida konteynerda hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiqcha hamda hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagan 24 turdagi tovarlar, shu jumladan, parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari, maishiy texnika va mebellar, oziq-ovqat va kiyim-kechaklar borligi aniqlandi. Mazkur tovarlarning umumiy qiymati 13 milliard 679 million so‘mni tashkil qiladi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA