Noqonuniy to‘ng‘iz ovlaganlar qo‘lga olindi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi “Beshbuloq” hududida 3 nafar fuqaro hech qanday ruxsatnomasiz va o‘zlariga tegishli ov qurollari orqali bir dona yovvoyi cho‘chqa (to‘ng‘iz)ni noqonuniy ravishda ovlagani aniqlandi.
Huquqbuzarlik holati Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan olib borilgan reyd tadbiri davomida ma’lum bo‘ldi.

Davlat inspektorlari tomonidan fuqarolarga nisbatan tegishli huquqiy hujjatlar rasmiylashtirildi. Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 6 million 180 ming so‘mga baholandi. Hujjatlar Guliston tumani Jinoiy ishlar bo‘yicha Sudiga yuborildi va masala sud tartibida bartaraf etilishi belgilandi.

Ekologlar aholini ov va tabiat resurslaridan foydalanishda qonun talablariga rioya qilishga chaqiradi. Qonun buzilishlari nafaqat moddiy zarar, balki yovvoyi hayvonot turlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA