Qashqadaryo viloyatida bojxona va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida noqonuniy tamaki mahsulotlari aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ko‘kdala tumani hududida “Toshkent-Qarshi” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Nexia-3” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv davomida avtomashina yukxonasidan jami 1 ming 980 quti turli nomdagi tamaki mahsulotlari borligi aniqlangan.

Ushbu mahsulotlar belgilangan tartibda aksiz markalari bilan ta’minlanmagan bo‘lib, mamlakatga noqonuniy yo‘llar orqali olib kirilgani ma’lum bo‘ldi. Mahsulotlarning umumiy bahosi 58 million so‘mdan ziyod deb baholanmoqda.

– Aniqlangan mahsulotlar vaqtincha saqlovga olingan. Hozirda ushbu holat yuzasidan huquqiy surishtiruv ishlari olib borilmoqda, – deydi Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Baxtiyor Xayrullayev. – Kontrabanda faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy xavfli oqibatlarga ham ega. Shu boisdan bunday xatti-harakatlarga qarshi kurash doimiy ravishda olib boriladi.

Mutasaddilarga ko‘ra, noqonuniy tamaki mahsulotlari tarkibida inson salomatligiga xavf tug‘diruvchi moddalar bo‘lishi ehtimoli bor. Shu bois fuqarolardan qonunga zid mahsulotlarni iste’mol qilish va tarqatishdan tiyilish, huquqbuzarlik holatlarini darhol tegishli idoralarga xabar qilish so‘ralmoqda.
Bojxona organlari kontrabandaga qarshi kurashishni qat’iy davom ettirmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri