Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmalari vakillari bilan o‘zaro hamkorlikda kuchli ta’sir qiluvchi vositalar savdosining oldini olish maqsadida Nukus shahrida tezkor tadbir o‘tkazishdi.
Tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan fuqaro xaridorga tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi vositalar bo‘lgan dorilarni sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Shundan so‘ng, gumonlanuvchi fuqaroning ko‘rsatmasiga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, boshqa bir fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida, u yerda jami 550 dona kapsuladan iborat kuchli ta’sir qiluvchi dori borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir Nukus dehqon bozori hududida ham davom ettirilib, o‘sha atrofda harakatlanib ketayotgan yana bir fuqaro to‘xtatildi. Gumonlanuvchi fuqaroga tegishli sumka ko‘zdan kechirilganida, uning ichidan tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan 400 dona kapsula topildi.
Markaziy bojxona laboratoriyasining xulosasiga asosan, mazkur kapsulalar tarkibida “Sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjud ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Tezkor tadbir davomida 950 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi noqonuniy aylanmasining oldi olindi. Aniqlangan holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri