Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizim xodimlari tomonidan pirotexnika vositalari aylanmasi bilan bog‘liq holatlar fosh etilib, qonuniy tartibda choralar ko‘rilmoqda.
Ma’lumki, Yangi yil bayrami arafasida pirotexnika vositalari savdosi avjiga chiqadi. Bu salbiy holatlarga qarshi tizimli ravishda choralar ko‘rilishiga qaramay qonunbuzarlar hali ham uchramoqda.

Jumladan, Zangiota tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida Toshkent shahrida yashovchi uch nafar shaxs 144 dona turli hajm va ko‘rinishdagi pirotexnika vositalarini xaridorga 40 million so‘mga sotgan vaqtida daliliy ashyo bilan ushlandi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida O‘rta Chirchiq tumani IIB xodimlari tomonidan “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi D.N. ning xonadoni o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilganda qiymati 1,5 million so‘m bo‘lgan pirotexnika vositalarini noqonuniy saqlab kelgani aniqlandi.

Bekobod tumani YPX maskanida haydovchi M.M. boshqaruvida bo‘lgan yengil avtomobil tekshirilganda yukxonasida 56 dona qiymati 5,6 million so‘m bo‘lgan pirotexnika vositalarini sotish maqsadida olib ketayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Ushu yo‘nalishdagi tezkor nazorat-reyd tadbirlari shahar-tumanlar kesimida davom etmoqda.

A. Musayev, O‘zA.