Murojaat bo‘yicha
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga fuqaro T.A. (ismi sharifi tahririyatga maʼlum) tomonidan yoʻllangan murojaatda yoʻllardagi noqonuniy radar sabab sudlar eshigi oldida oʻtkazgan mashaqqatli kunlari bayon qilingan. U oʻzining huquqlarini bilgani bois haqiqatni qaror toptirish uchun ortga qaytmasdan koʻp yugurib, uzoq tortishuvlardan soʻng nihoyat maqsadiga erishibdi.
Murojaat yoʻllagan fuqaro boshqa yurtdoshlarimizga ham saboq boʻlishi uchun ushbu voqeani boricha eʼlon qilinishini OʻzA tahririyatidan soʻragan.
Xorazm viloyati Urganch shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro T.A.ning so‘zlariga ko‘ra, Navoiy viloyatidan o‘tuvchi yo‘lda o‘rnatilgan radar avtoulovning harakat tezligini noqonuniy usulda aniqlagan.
Aniqlanishicha, fuqaro T.A.ga Navoiy viloyati Karmana tumani M-37 avtomobil yo‘lida 70 km/s tezlik chegaralangan joyda 76 km/s tezlikda harakatlanganlik holati yuzasidan Navoiy viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ma’muriy jazo qo‘llanilgan.
Biroq, 76 km/s tezlikda harakatlanganlik holatini tasdiqlovchi dalil, ya’ni Navoiy viloyat IIB YHXB inspektori tomonidan ko‘chma foydalanilgan foto-radar va mobil komplekslardan foydalanib, aniqlangan ko‘rsatkichlari bilan harakat tezligini oshirganligi va qoidalarni buzganligi holati yuzasidan fuqaro tanishtirilmagan.
Hattoki, fuqaroning bayonnoma bilan tanishishdan bosh tortgani bo‘yicha xolislar ishtirokidagi dalolatnoma ham rasmiylashtirilmagan.
Fuqaro esa mazkur holat yuzasidan sudga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi va Xorazm viloyat sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasining qarorlari bilan Navoiy viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ma’muriy amaliyot inspektori tomonidan tuzilgan qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Sud qarorlaridan norozi bo‘lgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudning kassatsiya instansiyasi sudlov hay’atiga shikoyat qiladi. Shikoyat qanoatlantirilib, Oliy sud tomonidan Xorazm viloyat sudi JIB sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasining qarori bekor qilinadi. Ish qayta ko‘rib chiqilishi uchun JIB Xorazm viloyat sudlov hay’atiga yuboriladi.
Navbatdagi sud protsessida fuqaroga nisbatan ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha chiqarilgan qaror bekor qilinadi.
Xulosa o‘rnida: mazkur jarayondagi holatni yuzaki baholaydigan bo‘lsak, 70 km/s tezlik chegaralangan joyda 76 km/s tezlikda harakatlanish BHMning 1 barobari, ya’ni 330 ming so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi. Mazkur jarima 15 kun muddat ichida amalga oshirilsa, 50 foiz ustama bilan to‘lanish imkoniyati ham mavjud.
Aniqrog‘i arzimagan 165 ming so‘m bo‘ladi. Bu yerda pul emas, aksincha, pul bilan o‘lchab bo‘lmaydigan inson qadri va uning haq-huquqlari bor. Shuningdek, birgina noqonuniy chiqarilgan qaror ortidan sarflangan umr va yo‘qotilgan asab qadri ham baholanishi kerak.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA