Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan shahar-tumanlarida doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Qurilish ob’ektlarida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli xulosalar berilmoqda.
Jumladan, Farg‘ona shahar “Lolazor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ko‘p kvartirali uyning umumfoydalanishdagi hududiga fuqaro S.Isroilov tomonidan tegishli tashkilotlardan ruxsatnoma rasmiylashtirmasdan, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilmalar qurib olingani aniqlangan. Holat yuzasidan fuqaro S.Isroilovga mazkur noqonuniy qurilmalarni 15 kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda buzib tashlash to‘g‘risida bajarilishi shart bo‘lgan yozma ko‘rsatma berilgan. Biroq u ushbu noqonuniy qurilmalarni belgilangan muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etmagan. Shu sababli, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi 3-qismiga ko‘ra, BHMning 20 barobari miqdorida – 7 500 000 so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilib, o‘zboshimcha qurilmalarni buzdirish ishlari amalga oshirildi.

Bundan tashqari, mazkur ko‘p kvartirali uyda istiqomat qiluvchi mulkdorlar tomonidan ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismidagi tayanch va to‘siq konstruksiya devorlari buzilib, o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgan. Ularga mazkur holatlarni ixtiyoriy bartaraf etish to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar berildi.

– Ta’kidlash kerakki, bu kabi o‘zboshimchaliklar ko‘p kvartirali uyning mustahkamligiga, fuqarolar hayoti hamda salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasiing “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni (2025 yil 25 mart, O‘RQ-1050-son)ga asosan bunday huquqbuzarliklar uchun fuqarolarga BHMning 50 barobari, mansabdor shaxslarga esa 100 barobari miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilishiga, tegishli sud organlari orqali mazkur qonunbuzilish holatlarini bartaraf ettirish to‘g‘risida da’vo arizalari kiritishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, mazkur qonun bilan agar ko‘p qavatli uylar konstruksiyasiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritishga oid huquqbuzarliklar bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi, – deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi sho‘’ba boshlig‘i Muzaffar Qurbonov. – Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha shahar-tumanlarida olib borilmoqda. Fuqarolardan esa qurilish-montaj ishlarida tegishli muassasalardan ruxsat olish, noqonuniy qurilmalarga yo‘l qo‘ymaslik so‘raladi.
M.Sulaymonov, O‘zA