Noqonuniy qurilmalar bo‘yicha o‘rganishlar boshlandi
Sirdaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi va Guliston shahar bo‘limi bilan birgalikda tadbirkorlar tomonidan noqonuniy ravishda binolarga o‘zgartirish kiritish, ruxsatnomasiz yengil tipdagi qurilmalarni o‘rnatish kabi holatlarni o‘rganish maqsadida “Yangi hayot” mahallasining Yangi bozor hududlari ko‘zdan kechirildi.
Mutaxassislar tomonidan Guliston shahar “Yangi hayot” MFY Yangi bozor hududini o‘rganish jarayonida 20 dan ziyod shaharsozlik normalari va qoidalariga zid ravishda tadbirkorlar tomonidan qurib olingan yoki o‘rnatib olingan qurilmalar aniqlandi. Jumladan, ko‘p qavatli uylarga qo‘shimcha qurilmalar o‘rnatilganligi, ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan yengil tipdagi qurilmalarni o‘rnatish holatlari aniqlanib, tadbirkorlarga ogohlantirish xatlari berilgan.
Mazkur aniqlangan noqonuniy obyektlar bo‘yicha tegishli ma’lumotlar tayyorlanib, hozirda reyd tadbirlari davom etmoqda.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri.