Navoiy viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan Navoiy shahrida o‘tkazilgan navbatdagi reyd tadbirlari davomida ko‘p qavatli uylarda ayrim mulkdorlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirilayotgani aniqlandi.
Bunday holatni Islom Karimov ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida kuzatish mumkin. Bu esa amaldagi qurilish va foydalanish me’yorlariga mutlaqo zid hisoblanadi.


– Reyd tadbirlari davomida mulkdorlar tomonidan ko‘p qavatli uyning tutash hududida noqonuniy qurilma qurilgani holati aniqlandi, – deydi hududiy inspeksiyaning ko‘p kvartirali uylarni seysmik mustahkamligi va zilzilabardoshligini monitoring qilish sho‘’ba boshlig‘i Suhrob Ro‘ziyev. – Aniqlangan holat bo‘yicha mulkdorga bajarilishi shart bo‘lgan rasmiy ko‘rsatmalar berildi. Ushbu ko‘rsatmalar bajarilmagan taqdirda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan javobgarlikka tortilishi mumkinligi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirildi.


Albatta, har qanday qurilish yoki qayta ta’mirlash ishlari faqat belgilangan tartibda, tegishli ruxsatnomalar asosida amalga oshirilishi shart. Aks holda, bunday harakatlar nafaqat qonunbuzarlik, balki ko‘p qavatli uylarning konstruktiv muvozanatiga va aholi xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.

Tartib va me’yorlarga amal qilish esa xavfsiz, qulay va zamonaviy shahar muhitini yaratishga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Ve2MQi9h_Wo" title="Noqonuniy qurilishga yo‘l qo‘yilmaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri