Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi, Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida joriy yilning 9 oyi davomida sohada amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi va uning hududlardagi xodimlari jami 336 ta holatda 25,7 gektar yer maydoni jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallash yoki noqonuniy qurilish qilish holatlarini aniqlagan.
– Mazkur qonunbuzilishlarning 211 tasidagi o‘zboshimchalik bilan egallangan 8,2 gektar yer maydonida aniqlangan noqonuniy qurilishlar bartaraf qilinib, yer maydoni o‘z holatiga qaytarildi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Nishonov. – Davlat yer, kadastr va geodeziya nazorati sohasidagi qonun hujjatlarini buzgan 2344 nafar yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Kadastr agentligi organlariga taalluqliligi bo‘yicha yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish holatlari bo‘yicha 453 ta, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish holatlari bo‘yicha 11 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga tasdiqlangan yer tuzish loyiha hujjatlaridan tegishli ruxsat bo‘lmay turib chetga chiqish, tegishli organlar bilan kelishmay turib ob’ektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish va ularni foydalanishga topshirish, davlat yer kadastri yuritish qoidalarini buzish, yerlardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarni buzib ko‘rsatish, axborotlarni berishdan bo‘yin tovlash yoki noto‘g‘ri axborot berish holatlari bo‘yicha 1044 ta, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga yer uchastkasiga, bino va inshootga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik holatlari bo‘yicha 830 ta, egalikdagi, foydalanishdagi yerlarning chegara belgilarini, geodezik punktlar va o‘rmonlardagi cheklov belgilarini yo‘q qilish yoki shikastlantirish yuzasidan 6 ta ma’muriy huquqbuzarlik rasmiylashtirildi.
[gallery-9201]
Hozirda Davlat kadastrlari palatasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga kadastr pasporti tayyorlash, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni, ipoteka va ijara shartnomalar va servitut to‘g‘risidagi kelishuvlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, manzil (geokod), fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma va auksionga chiqariladigan yer uchastkalariga xulosa berish, shuningdek, qurilishi tugallangan binolarni foydalanishga qabul qilish kabi 8 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
bugungi kunga qadar Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi va uning hududiy filiallari tomonidan aholi uchun 484 ta kadastr syomka ishlari amalga oshirildi. 2 553 ta yakka tartibdagi uy-joylar, 3 570 ta kvartiralar, 1 104 ta noturar joy ob’ektlarining kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi. Noturar joy ob’ektlariga mo‘ljallangan yer uchastkalarining 320 tasiga yer kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi.
– Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 20 ming 475 ta turar va noturar joy ob’ektlari, 63 ta ijara huquqi, 2 ming 533 ta bino va inshootlarning ipoteka shartnomalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, nomida turar-joy borligi (yo‘qligi) haqida 109 so‘rovnomaga javob berildi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Mansur Nosirov. – Ayni paytda viloyatda jami 270 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektlari mavjud bo‘lib, 3 ming 627 ta yangi ko‘chmas mulk ob’ektlariga manzil berildi.
Matbuot anjumanida OAV vakillarini qiziqtirgan qurilayotgan ko‘p qavatli uylar uchun ajratilayotgan yer maydonlari, yerdan foydalanishda ijara huquqi, huquqiy hujjati bo‘lmagan uy-joylarga kadastr hujjatlarini berish tartibi kabi savollarga javoblar qaytarildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA