Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noqonuniy qo‘llanilgan ma’muriy jarima bekor qilindi
16:21 / 2025-09-16

So‘nggi yillarda yurtimizda inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash, har bir shaxs manfaatini himoya qilish, adolatni qaror toptirishga qaratilgan islohotlar samarasi sifatida xalqimizda qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonch tobora ortib bormoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘istogn Respublikasining Ellikqal’a tumanidagi “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi U. Davletov o‘ziga nisbatan chiqarilgan sudning ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qaroridan noroziligini bildirib, tumanning Adliya  bo‘limiga murojaat qildi.

– Mazkur holat atroflicha o‘rganilganda, fuqaro U.Davletov birinchi instansiya sudining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 101-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilganligi, sud tomonidan fuqaroni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lgan gaz korxonasi xodimi tomonidan joriy yil 22 aprelda tuzilgan “Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati yuzasidan gaz hajmini hisoblash dalolatnomasi” noqonuniy ekanligi ma’lum bo‘ldi, – deydi Ellikqal’a tumani Adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi direktori Nizomjon Xadjiyev. – Chunki, fuqaro umumiy foydalanishdagi gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanmaganligi, fuqaro U.Davletov 2024 yil noyabr oyida xonadonini gaz tarmog‘iga ulash uchun ariza berganligi, shundan so‘ng, tuman gaz korxonasining mas’ul xodimi uyiga kelib, xonadonini tabiiy gaz tarmog‘iga ulab berganligi, lekin, iste’molchi bilan shartnoma tuzishni qasddan kechiktirib kelganligi aniqlandi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi qarorida 2-ilova bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish Qoidalari”ning 59-bandida maishiy iste’molchilar bilan tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasi tuzilmagan taqdirda, shartnoma iste’molchi gaz tarmog‘iga belgilangan tartibda amalda ulangan vaqtdan boshlab tuzilgan deb hisoblanishi, bunda gaz ta’minoti tashkiloti mazkur iste’molchi bilan tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasini tuzishi hamda mazkur Qoidalardagi talablar ta’minlanishi yuzasidan zarur choralarni ko‘rishi shartligi belgilangan. Shuningdek, fuqaroga nisbatan dalolatnoma rasmiylashtirishda ham bir qator qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Murojaat egasiga yuqori instansiya sudiga apellyatsiya arizasi loyihasi tayyorlab berilishi natijasida sud tomonidan noqonuniy tuzilgan dalolatnoma hamda birinchi instansiya sudi qarori bekor qilinib, fuqaroning huquqi tiklanishi ta’minlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri