Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noqonuniy pirotexnika vositalari savdosiga chek qo‘yildi
11:49 / 2025-12-22

Qashqadaryo viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan navbatdagi tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Milliy gvardiya bilan hamkorlikda hududda pirotexnika vositalarining noqonuniy realizatsiyasiga qarshi tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirdi.

Xususan, Qarshi shahri hududida o‘tkazilgan tadbir davomida “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada avtomashinaning yukxonasidan qora rangli sellofan paketlarga o‘ralgan va karton qutiga joylashtirilgan jami 92 dona “7 shots” hamda “Volk” nomli noqonuniy pirotexnika vositalari aniqlandi.

Shuningdek, Qarshi shahrida yashovchi fuqarolardan birining xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilganda 4 dona karton qutiga joylashtirilgan, jami 140 dona “Zimniy les”, “7 shots” va “Volk” nomli noqonuniy pirotexnika vositalari fosh etildi.

Bundan tashqari, yana bir holatda Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning xonadoni tekshirilib, uy yerto‘lasidan 8 dona karton quti va qoplarga joylashtirilgan, respublika hududiga noqonuniy yo‘llar orqali olib kirilgan jami 22 200 dona “Petardes” hamda 360 dona “7 SHOTS” nomli pirotexnika vositalari aniqlandi. Mazkur mahsulotlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, vaqtincha saqlovga olindi.

Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri