Navoiy viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga zid ravishda ov qilish holati aniqlandi.
Jumladan, Uchquduq tumani ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi reyd tadbiri davomida “Ko‘kpatas” OFY hududida fuqaro Sh.T. o‘ziga tegishli ov qurolidan foydalangan holda ov qilish qoidalarini buzganligi aniqlandi.

Mazkur huquqbuzarlik yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 90-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorning 20 barobari, ya’ni 8 million 240 ming so‘m miqdorida bayonnoma rasmiylashtirildi.
Qiziltepa tumani O‘rtacho‘l massivi hududida tadbirda fuqaro L.R. o‘ziga tegishli ov qurolidan foydalanib, noqonuniy ravishda 1 (bir) dona Zarafshon qirg‘ovulini ovlagan.

Zarafshon qirg‘ovuli noyob va muhofaza qilinadigan qush turlaridan biri hisoblanib, uni ovlash amaldagi qonunchilikka muvofiq qat’iyan taqiqlangan.
Aniqlangan huquqbuzarlik yuzasidan fuqaro L.R.ga nisbatan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi hamda holatga huquqiy baho berish uchun materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri