Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va Termiz shahar boʻlimi Termiz tumani Kattaqum massividagi maxsus poligonda jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning ijro hujjatlari ijrosini taʼminlash uchun hamkor tashkilotlar hamda xolislar ishtirokida 22 turdagi qiymati 330 million soʻmlikdan ortiq tovar-moddiy boyliklar yoʻq qilindi.
–Yurtimiz hududiga noqonuniy olib kirilayotgan, tegishli hujjati va ruxsati boʻlmagan mahsulotlarni yoʻq qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi masʼul xodimi Q.Tursunov.
– Shunga koʻra, aksiz markalanmagan 267 million 461 ming soʻmlik 17 ming 500 quti tamaki mahsuloti, jinoyat ishlari boʻyicha Termiz tuman sudi tomonidan noqonuniy, deb topilgan qiymati 30 million 655 ming soʻmlik 554 dona homiladan saqlovchi tibbiyot moslamasi va mamlakatimiz hududiga noqonuniy olib kirilmoqchi boʻlgan bir dona uchuvchisiz uchish apparati yoʻq qilindi.
Hamkor tashkilotlar va xolislar bilan mazkur tovar-moddiy boyliklarning yoʻq qilingani haqida tegishli dalolatnoma tuzildi.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV,OʻzA