Noqonuniy olib chiqilayotgan 16 ming 900 dollar ushlab qolindi
“Termiz aeroporti” chegara bojxona postida xorijga uchayotgan yo‘lovchi G.B. belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda 16 ming 900 dollar ya’ni, 184 million 545 ming 296 so‘mni noqonuniy olib chiqib ketayotgani aniqlandi. Yo‘lovchi bu mablag‘ni bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmagan va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ham ma’lum qilmagan.
Bu haqda O‘zAga xabar qilgan Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq jismoniy shaxslar ekvivalenti 100 million so‘mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyuta mablag‘ini O‘zbekistondan tashqariga bojxona nazorati qoidalariga rioya etgan holda cheklovlarsiz olib chiqishi mumkin. Bunda 70 million so‘m ekvivalentidan ortiq miqdordagi naqd chet el valyutasi uchun yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi to‘ldirishi shart.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA