Noqonuniy ohak pishirish xumdonlari faoliyati to‘xtatildi
Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi, Prokuratura, Ichki ishlar bo‘limi hamda Milliy gvardiya mas’ullaridan iborat ishchi guruh tomonidan Karmana tumanidagi "Yangiariq" MFY hududida joylashgan ohak pishirish xumdonlari faoliyati o‘rganildi.
Tekshiruvlar davomida ayrim xumdonlarda atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilayotgani aniqlangan. Shuningdek, hududda bir nechta ohak ishlab chiqarish sexlari belgilangan tartibda ruxsat olmasdan faoliyat yuritib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Natijada "Yangiariq" MFY hududida joylashgan 36 ta noqonuniy ohak pishirish xumdonlari buzib tashlandi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda va noqonuniy faoliyat yuritayotgan boshqa xumdonlarga nisbatan ham belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
Hamroz Bayanov,
O‘zA