Jizzax viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida yirik miqdordagi giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
G‘allaorol tumani hududida Afg‘oniston fuqarosi M.A.R. shartli xaridorga 1 kilogramm “opiy” giyohvandlik vositasini 510 million so‘m (taxminan 40 ming AQSH dollari) evaziga sotayotgan paytida qo‘lga olindi. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar) va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini saqlash va ularni noqonuniy sotish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, “Surxondaryo – Jizzax” yo‘nalishida noqonuniy faoliyat yuritgan narkoguruh a’zolari — fuqarolar U.M., X.D. va A.N. Jizzax shahrida 800 gramm “opiy” moddasini 240 million so‘mga sotayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olindi. Mazkur holat bo‘yicha ham xuddi shunday moddalar asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda, ushbu narkoguruhning boshqa a’zolarini aniqlash hamda ularni qonun oldida javobgarlikka tortish maqsadida tezkor-qidiruv tadbirlari davom etmoqda.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri