Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noqonuniy migrantlarni Polshaga olib o‘tishda gumonlangan yuzlab fuqaro hibsga olindi
21:02 / 2021-12-09

Belarusdagi noqonuniy migrantlar Polsha chegarasini kesib o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, ular Germaniya davlat raqamlarida bo‘lgan mashinalarda mamlakat hududiga kirgan.

Yeuronews bergan xabarga ko‘ra, so‘nggi besh oy ichida besh mingga yaqin migrant Polshaga o‘tgan. Mamlakat politsiyasi va chegarachilar bu ishda besh yuzdan ortiq kishining qo‘li borligini aniqladi. Shu bois, gumonlanuvchilar hibsga olingan.

Ammo inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Polshani mamlakat hududiga kirib kelayotgan migrantlarni deportatsiya qilmaslikka chaqirdi.

– Polshada qonuniy istiqomat qilayotgan Ukraina va Gruziya fuqarolari asosan migrantlarni olib o‘tish bilan shug‘ullanadi. Ular orasida mamlakatimizda doimiy yashash huquqiga ega bo‘lgan suriyalik va iroqliklar ham bor. Qolaversa, bu ishga Polsha fuqarolari ham aloqador, – deydi chegarachilardan biri.

Xabarda, shuningdek, ba’zi migrantlar Polshada qolishni istamayotgani keltirilgan. Ular g‘arbga ko‘chib o‘tishga harakat qilmoqda, bunga misol qilib, Iroq fuqarosi Germaniyaga borish uchun Polsha – Belarus chegarasini kesib o‘tgani ko‘rsatilgan.

“Mening oilam Germaniyada yashaydi”, deydi o‘sha iroqlik fuqaro. U azobli taqdirni o‘ziga ravo ko‘rmasligini, qolaversa, oilasi bilan tezroq uchrashmoqchi ekanini aytgan.

– Chegarani kesib o‘tish holatlari kamayib bormoqda, ammo Polsha tomonidan yordam beruvchi xodimlarning ta’kidlashicha, chegaradan o‘tganlar o‘rmonda yashiringan ko‘rinadi, – deyiladi nashrda.

Polsha hukumati bergan ma’lumotga ko‘ra, tez orada Belarus –Polsha chegarasida devor qurish ishlari boshlanadi. Polsha tomoni chegarani butunlay yopish niyatida. Chegarani kesib o‘tish bilan bog‘liq holatlarning oldi olinishi uchun Britaniya va Estoniya ko‘magida mintaqaga 20 ming chegarachi joylashtiriladi.