Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noqonuniy mehnat migrantlari Rossiyada vaqtincha qolishni qachongacha qonuniylashtirishi kerak?
13:14 / 2021-04-17

Oʻzbekistonning tegishli idoralari Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining maqomlarini qonuniylashtirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, 2020-yil 18-aprelda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining “Yangi koronavirus (COVID-19) infeksiyasining tarqalishi xavfi tufayli chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasida huquqiy maqomini belgilash boʻyicha vaqtinchalik chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmon doirasida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi diplomatik vakolatxonlari hamkorligida 2020-yilda Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 50 ming 700 nafar fuqarolarimizning maqomi qonuniylashtirildi.

Hozirgi kunda ushbu farmonga kiritilgan oʻzgartirishlar asosida Rossiya hududida noqonuniy boʻlib turgan xorijiy davlat fuqarolariga

2021-yil 15-iyunga qadar oʻz maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.

Shunga koʻra, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi bilan oʻrnatilgan hamkorlik asosida Rossiya hududida huquqiy maqomi qonuniylashtirilishi kerak boʻlgan 300 ming nafardan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining roʻyxati shakllantirildi.

Ushbu roʻyxatdagi fuqarolarning Oʻzbekistondagi manzillari boʻyicha mahallabay oʻrganishlar asosida uyma-uy yurib hamyurtlarimizning oila aʼzolariga Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yuqoridagi farmonining mazmun-mohiyati toʻgʻrisida tushuntirishlar berib borilmoqda.

Hozirgi kunda ushbu tushuntirish ishlari doirasida 200 ming nafardan ortiq fuqarolar qamrab olindi. Bu tadbirlar davom ettirilmoqda.

Shu fursatdan foydalanib, Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy ravishda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari 2021-yilning

15-iyuniga qadar yashash joyidagi tegishli Rossiyaning ichki ishlar organlariga murojaat qilish orqali Rossiya Federatsiyasi hududida boʻlishlarini qonuniylashtirish huquqidan foydalanishga chaqiramiz.

Bunda Rossiyaning ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy ravishda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan mamlakatdan maʼmuriy chiqarib yuborish, deportatsiya qilish chorlari qoʻllanilmaydi hamda ularga yashash joyidagi migratsiya boʻlimidan qayta roʻyxatdan oʻtish imkoniyati beriladi.

Ushbu masalada yordam berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Moskva shahridagi elchixonasi va Rossiya mintaqalaridagi Bosh konsulxonalariga hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining qoʻyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin: