Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda xorijda 2 milliondan ziyod fuqarolarimiz mehnat migranti sifatida yashamoqda.
Qonuniy mehnat migrantlarining ish bilan ta’minlanishi, yashashlari tegishli tartibda nazoratga olinadi. Afsuski, noqonuniy yo‘llar bilan xorijga ketgan fuqarolarning ko‘plari turli tazyiq yoki majburiy mehnatga uchrayotgani achinarli holat.
Qonuniy migratsiyaning afzalliklari va noqonuniy migratsiyaning ziyon jihatlari xususidagi savolga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yuridik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Kamola Shukurova quyidagicha izoh berdi.
— Qonuniy mehnat migratsiyasi fuqarolarning xorijga mustaqil yoki tashkiliy tartibda ketishi orqali amalga oshiriladi.
Tashkiliy tartibda ketish Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yoki xususiy bandlik agentliklari vositasida yo‘lga qo‘yiladi.
Qonuniy tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirish bu viza talab qilinadigan davlatlarda viza orqali, qolaversa mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnoma olish orqali amalga oshiriladi.
Noqonuniy mehnat migratsiyasi O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketishda xorijiy davlatga kirish huquqlarini buzishda namoyon bo‘ladi.
Noqonuniy mehnat migratsiyasiga uchragan fuqaro majburiy mehnat va har xil tazyiqlar ostida qolib ketishi mumkin, uning huquqlarini himoya qilish darajasi esa juda past bo‘ladi. Huquqiy jihatdan hech qanday asosga ega bo‘lmaydi. Noqonuniy mehnat migratsiyasi natijasida u o‘zi va undan keyin o‘sha davlatga boradigan fuqarolar uchun zarar keltirishi mumkin.
Noqonuniy mehnat migratsiyasi har doim o‘sha davlatning javobgarligi ostida bo‘ladi. Ya’ni, noqonuniy kirgan mehnat migranti ma’muriy yoki jinoiy tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin.
Ish beruvchi davlat qonunchiligiga muvofiq, noqonuniy mehnat migranti o‘sha davlatdan deportatsiya qilinadi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/Bsn8b6AcHKM" title="Noqonuniy mehnat migranti turli tazyiqlarga uchrashi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
A.Ahmedov,
A.Alijonov (video),
O‘zA