Respublikamizda elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi kurashish, sohada qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar davomida qator yirik korxonalar, fermer xo‘jaliklari va xususiy klinikalarda hisoblagich qurilmalariga tashqi ta’sir ko‘rsatish orqali noqonuniy ravishda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish holatlari fosh etilmoqda. Bu esa davlat korxonalariga milliardlab so‘mlik moddiy zarar yetkazish bilan birga, iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
"O‘zenergoinspeksiya" axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi:
– Davlat mulkiga qilingan har qanday noqonuniy harakat – xalqimiz manfaatiga xiyonat degani. Chunki energiya resurslari butun jamiyatning mulki bo‘lib, undan noqonuniy foydalanish barcha fuqarolar manfaatiga zarar yetkazadi. Shu sababli, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, nazoratni kuchaytirish va qonunbuzarlarga qat’iy chora ko‘rish jamiyat oldidagi muhim vazifa.
Achinarlisi, bu kabi noqonuniy holatlar davlat va xususiy korxonalarga katta moddiy zarar yetkazmoqda. Shu bois sohada qonuniylikni ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari muntazam olib borilmoqda. Ularning natijasida o‘g‘rincha iste’mol holatlari fosh etilmoqda va tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, yaqinda Buxoro shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “K.S.K” MCHJga qarashli savdo kompleksi hisoblagich tok transformatori qurilmasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani aniqlandi. Natijada elektr ta’minoti korxonasiga 1,1 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani qayd etildi. Shu kabi holat Andijon viloyatida ham kuzatildi. Baliqchi tumanida joylashgan "I. I." fermer xo‘jaligi suv nasosini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulab, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani oshkor etildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning oqibatida korxonaga 867 million so‘mlik zarar yetgan.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi "Z.P.D." fermer xo‘jaligi suv nasosi hisoblagichining ulanish sxemasini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirgan holda noqonuniy ravishda elektr energiyasi iste’mol qilgani fosh etildi. Bu holat ortidan davlat korxonasiga 433 million so‘mlik moddiy zarar yetgani aniqlandi.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish faqat elektr sohasida emas, gaz ta’minotida ham uchramoqda. Xususan, Buxoro viloyati Olot tumanida joylashgan "J.M.K.T.K." MCHJga qarashli tibbiyot markazida gaz hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani ma’lum bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 482,4 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Hozirda barcha holatlar bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, noqonuniy iste’mol holatlari nafaqat davlat korxonalariga moddiy zarar yetkazmoqda, balki mamlakat iqtisodiyotida barqarorlikka tahdid solmoqda. Shu bois nazorat tadbirlari orqali qonuniylikni ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish va energiya tejamkorlikni oshirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA