Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noqonuniy ish – keltirar tashvish
10:40 / 2022-10-19

Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi joriy yilning o‘tgan davrida qariyb 1 ming 850 holatda 3 ming 403 gektardan ortiq maydonda yer qonunchiligi buzilishini aniqlab, qonunbuzarlarga nisbatan 6 milliard 190 million so‘mdan ziyod ma’muriy jarima qo‘lladi. Jarimalarning qariyb uch milliard so‘mi undirildi.

Mazkur harakatlarning 140 tasi yoki 30 gektarida yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish, 77 tasida 17 gektar yerning chegara belgilarini, geodezik punktlarini va cheklov belgilarini yo‘q qilish yoki shikastlantirish, 986 tasi ya’ni, 3 ming 47 gektardan ortig‘ida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, 742 tasida 243.4 gektar yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlandi.
Kadastr agentligi viloyat boshqarmasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu haqida atroflicha ma’lumot berilib, viloyatda yer hisobi va davlat kadastrlari tizimini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr almashildi.

Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda shu kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda yerga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirib, davlat yer kadastrini yuritish tizimida tub yangilanishlarni yuzaga keltirdi. Shunga muvofiq qator kodeks hamda qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, kadastr agentligi vakolatlari kengaytirildi. Qonunbuzarlarga javobgarlik kuchaytirildi. 

–Xalqimizning noqonuniy ish – keltirar tashvish, degan purma’no gapi bor,–deydi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Menglimamat Abdirahmonov. – Bu yer munosabatlari bilan bog‘liq g‘ayriqonuniy holatlarda ham o‘z aksini topmoqda. Masalan, yilning o‘tgan davrida Denov tumanida 88 holatda 27,12 gektar, Jarqo‘rg‘on tumanida 83 holatda 15 gektar, Termiz tumanida 58 holatda 12 gektar, Uzun tumanida 42 holatda 5,29 gektar, Sherobod tumanida 79 holatda 64,31 gektar, Sho‘rchida 66 ta holatda 17 gektar, Angor tumanida 36 holatda 3,82 gektar, Bandixon tumanida 38 holatda 8 gektar maydonda yer qonun buzilishi sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, boshqa tumanlar va Termiz shahrida ham bunday hollarga duch kelindi. Qonun buzarlar ogohlantirilgach, ularning 394 tasi ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.

Viloyatda g‘ayriqonuniy harakatlar yuzasidan 51.4 gektar yer uchun sudlarga kiritilgan 240 ta da’vo arizasining 54 tasi yoki 10,79 gektariga noqonuniy qurilmalarni buzish bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarildi. Bu yo‘nalishdagi sud jarayoni davom etmoqda. Rasmiylashtirilgan hujjatlar 12 gektar yer maydonga tegishli chora ko‘rish uchun 44 tasi  prokuratura organlariga hamda 5 tasi yoki 0.46 gektar yerni qaytarish uchun hujjatlar majburiy ijro byurosiga yuborilgan. Yer qonunchiligini buzgan boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning harakatlari bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritilmoqda.

Matbuot anjumanida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar chuqur tahlil qilindi. Noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yish, joylarda samarali yer nazoratini o‘rnatish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri