Gaz ta’minotining tegishli bo‘lim hamda filialning Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish bo‘limi xodimlari tomonidan bir qator aniqlanayotgan noqonuniy holatlarga chek qo‘yilmoqda.
Buxoro tumani “Shergiron” mahallasining Taxmachi qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro M.J. elektron gaz hisoblash uskunasini chetlab o‘tib, yashirin holatda gaz quvuriga ulangan. U noqonuniy harakati bilan 23 550 m3 hajmdagi tabiiy gazdan foydalanib, 31 million 310 ming 200 so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Buxoro shahrining “Gulshanobod” mahallasi Laylak qishlog‘ida yashovchi fuqaro H.K.ning yashirin yer ostidan xonadonga plastik quvur orqali gaz tortib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Iste’molchiga nisbatan “Ye-ma’muriy” dastur orqali dalolatnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy foydalangan 28 905 m3 hajmdagi tabiiy gaz uchun 32 million 962 ming 32 so‘m miqdorida hisob-kitob qilindi.
Romitan tumani Qumrabot mahallasida istiqomat qiluvchi S.T.ning xonadoni ko‘zdan kechirilganida, u mavjud issiqxonasida yer osti gaz quvuriga yashirin tarzidan ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, iste’molchi tomonidan gaz ta’minoti korxonasiga 90 million 208 ming 500 so‘mlik zarar yetkazildi.

Shofirkon tuman “Qayrag‘och” hududida yashovchi fuqaro O.B. o‘z uyida savdo do‘koni tashkil etib, bir dona isitish qozonidan foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro tomonidan 13 499 200 so‘m miqdorida zarar keltirilganligi hisoblandi.
Tumanning Kalon mahallasida yashovchi fuqaro T.B. elektron gaz hisoblash uskunasini chetlab o‘tib, gazdan noqonuniy foydalangan. Maxsus “Ye-Ma’muriy” dastur orqali hujjatlar rasmiylashtirildi, fuqaro tomonidan 7 575 m3 tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan hamda 20 million 554 ming 40 so‘m zarar keltirilgan.
Viloyatning G‘ijduvon tumani G‘ijduvon mahallasi fuqarosi X.Sh. ham elektron gaz hisoblash uskunasini chetlab o‘tib, rezina shlang orqali gazdan foydalangan. Iste’molchi 14 million 759 ming 900 so‘mlik miqdorida tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida o‘rganishlar davom etmoqda. Yuqoridagi holatlar yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri