Toshkent viloyatida gaz ta’minoti tizimida noqonuniy ulanishlarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan reydlarda qonunbuzarliklar fosh etildi.
Zangiota tumanining “Istiqlol” mahallasida yashovchi fuqaro K.B. o‘z hovlisida issiqxona tashkil qilib, tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan. U 4 dona nostandart yondirgich orqali gazdan noqonuniy foydalanib kelgan. Hisob-kitobga ko‘ra, davlatga 1 milliard 684 million so‘m zarar yetkazilgan.
Qibray tumanida ham shunday holat aniqlandi. “Obod” mahallasida yashovchi fuqaro T.R. issiqxona tashkil qilib, gaz quvuriga hisoblagichdan tashqari noqonuniy ulangani ma’lum bo‘ldi. Buning oqibatida davlatga 291 million 926 ming so‘m zarar yetkazilgan.
"Hududgazta’minot"AJ axborot xizmatiga ko‘ra, jami zarar 2 milliard so‘mga yaqin bo‘lib, holat yuzasidan rasmiy dalolatnomalar tuzilgan va hujjatlar huquqni muhofaza organlariga topshirilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA