Sirdaryo viloyatida yashovchi 28 yoshli Dilnoza xorijda ishlashni orzu qilardi. U internetda “Germaniyaga hamshiralik ishlariga yuboriladi”, degan reklamaga duch keldi. Telegram orqali bog‘langan shaxs undan hujjatlar tayyorlash va viza olish uchun 1 ming 200 dollar so‘radi. “Ishga joylashish kafolatli”, deb ishontirdi.
Dilnoza qarz evaziga pul topib, o‘sha odamga jo‘natdi. Ammo oradan ikki hafta o‘tib, u bilan bog‘langan shaxs g‘oyib bo‘ldi. Telefoni ham, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ham o‘chirilgan edi. U na pulni qaytara oldi, na xorijga chiqdi.
Endi u rasmiy organlarga murojaat qilib, huquqiy yordam so‘ramoqda. Ammo o‘z vaqtida tekshirmagani va shoshma-shosharlik qilgani uchun qattiq afsuslanmoqda. Bu kabi voqealar ko‘plab insonlarning hayotini izdan chiqarmoqda. Boisi, hozirgi kunda xorijda ishlash orqali daromad topish ko‘plab yurtdoshlarimizni o‘ziga jalb etmoqda.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborayotgan turli konsalting kompaniyalari va vositachilar reklama qilinmoqda. Afsuski, ko‘plab holatlarda bunday xizmatlar noqonuniy bo‘lib, ular orqali chet elga chiqqan fuqarolar aldov qurboni bo‘lib, og‘ir ahvolga tushib qolmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bunday noqonuniy faoliyat yuritayotgan shaxs va tashkilotlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, rasmiy litsenziyaga ega bo‘lgan 18 ta xususiy bandlik agentliklari ro‘yxati e’lon qilingan.
Litsenziyaga ega bo‘lmagan shaxs yoki kompaniyalar tomonidan xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini taklif etish taqiqlangan. Ammo amalda fuqarolarni katta pul evaziga ishga yuboraman, deb va’da berib, xizmat ko‘rsatmasdan ularni chuv tushiradigan noqonuniy vositachilar hamon uchrab turibdi.
Shu munosabat bilan, Raqobat qo‘mitasi xorijda ishlash niyatida bo‘lgan fuqarolarimizdan quyidagilarga e’tiborli bo‘lishlarini so‘raydi.
Ish beruvchi yoki vositachining huquqiy maqomi va ishonchliligini tekshirish, taklif etilayotgan ish shartlari bilan (yuzma-yuz yoki onlayn) yozma mehnat shartnomasi orqali tanishib chiqish, shartnoma tuzishdan oldin imkoni bo‘lsa, yurist maslahatidan foydalanish, shubhali va hujjatsiz takliflardan qat’iy voz kechish lozim.
Xorijga chiqishni niyat qilgan har qanday shaxslar yoki tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan chet elga ishga yuborish bo‘yicha bildiriladigan asossiz takliflarga aldanib qolmaslik, huquqiy savodli bo‘lish, shartnomaning bandlarini chuqur o‘rganib chiqish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Shuningdek, xorijiy davlatlarga qonuniy tartibda ishlash uchun bormoqchi bo‘lgan vatandoshlarimiz elektron platformadan (https://xorijdaish.uz/) zarur ma’lumotlarni olishlari mumkin.
Har qanday ish taklifiga aldanishdan avval uning huquqiy asoslarini sinchiklab o‘rganish zarur. Xorijda ishlashni xohlayotgan fuqarolar faqat davlat tomonidan litsenziyalangan agentliklar va rasmiy tashkilotlar orqali murojaat qilishi kerak. Ogohlik va hushyorlik — sizni noqonuniy faoliyat qurboni bo‘lishdan asraydi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA