Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noqonuniy faoliyat olib borayotgan, litsenziyasiz firmalardan ogoh bo‘ling
13:32 / 2025-06-19

Bugungi kunda xorijda ishlash yoki o‘qish niyatida bo‘lgan yoshlar soni ortib bormoqda. Bu ehtiyojdan foydalanib qolishni maqsad qilgan ba’zi konsalting firmalari o‘rtasida “oson yo‘l”, “kafolatlangan viza” kabi va’dalarni tarqatish holatlari kuzatilmoqda. Aslida bunday firmalarning faoliyati ortida qonuniy asosga ega bo‘lmagan,  odamlarning pullarini aldov yo‘llari bilan olishga qaratilgan rejalar yashiringan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har qanday taklifni tanlashda ehtiyot bo‘lish va har qanday ma’lumotlarga ishonavermaslik kerak.

Chunki keyingi yillarda xorijda ishlash yoki o‘qishni maqsad qilib firibgarlar tuzog‘iga ilinib qolish holatlari ortib bormoqda. 

Joriy yilda fuqarolardan Raqobat qo‘mitasiga 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi xorijda ishga yoki o‘qishga joylashtirish va’dasi bilan firmalarga pul to‘lagan, ammo to‘langan mablag‘lar qaytarilmagan yoki xizmatlar bajarilmagani to‘g‘risida.

Misol tariqasida, Toshkent shahridagi “KONSALTING N1 B2B” MCHJga 16 million so‘mdan ortiq to‘lov qilgan A.B.ning Latviyaga ishga yuborish masalasi bo‘yicha murojaatini keltirish mumkin. Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro Sh.M. Latviya davlatida ish topish va viza rasmiylashtirib berish uchun Qo‘qon shahridagi “VIVAT VIZ” MCHJga jami 2000 AQSH dollari ekvivalenti miqdorida pul to‘lagani to‘g‘risida qo‘mitaga ma’lum qilgan. 

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi fuqaro O.X. Germaniyaga ishlashga borish maqsadida Yakkasaroy tumanidagi “BLACK MOUNTAIN PRO” MCHJga 36 million so‘m to‘lagan. Biroq, firma faoliyatini yuritmagan, xizmatlar bajarilmagan, pullar qaytarilmagan.

“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, xorijda ishga joylashtirish xizmati faqat litsenziyaga ega agentliklar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Ammo ko‘pgina firmalar bu qoidaga amal qilmaydi. Jumladan, “DIAMOND IDEAL”, “XORIJDA ISH VA O‘QISH”, “SJ TEAM”, “CONSULTING FLY”, “ASIA CONSULT EDUGATELY”, “EURO ASIA CONSULTING CENTRE”, “EXLUSIVE ASSISTANT”, “DOCH CONSULT”, “GLOBAL CONSULTING EFFORT” va “POLAND BUSINESS SUPPORT AND VIZA” MCHJ kabi konsalting firmalari ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni ishonchiga kirib, ularga xorijga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, faqat pul olishgan, ammo ularning xizmatlari bajarilmagan. Bunday firmalarning ko‘pchiligi litsenziyaga ega emas va ularning faoliyati qonuniy emas.

Shuningdek, Yevropaning Irlandiya, Angliya, Daniya, Norvegiya kabi davlatlariga ishga yuborish to‘g‘risida e’lonlar berib, fuqarolarga konsalting xizmatlari emas, aynan xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelayotgan “EVERYONE CONSULT” va “WORLDVIZA” MCHJlariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima qo‘llanilgan.

“RICH RESULT”, “RAVON CONSULT GROUP” va “ADWORLD GROUP” MCHJlar kabi firmalarga nisbatan ham huquqiy choralar ko‘rilgan.

Xorijda o‘qish va ishlash niyatida bo‘lganlar har qanday “o‘rtachi” firmalar aldovlariga ishonmaslik, ular faoliyati qonuniyligini va litsenziyasi mavjudligini tekshirish zarur. Yuqoridagi kabi vaziyatlarga tushib qolmaslik uchun shartnoma shartlari bilan batafsil tanishib, uning xizmatiga pul to‘lashdan avval aldov va firibgarlik qurboni bo‘lib qolmaslikka to‘liq ishonch hosil qilish kerak.

N.Rahmonova,

O‘zA