Atrof-muhit musaffoligi inson salomatligida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ammo toza havoni ifloslantiradigan harakatlar, belgilanmagan joyga chiqindilarni tashlab ketish va yoqish kabi holatlar, afsuski, tez-tez uchrab turibdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Sergeli tumanidagi hududda noqonuniy chiqindixona yuzaga kelgani va chiqindilarning yonishi oqibatida atrofda yashovchi aholi zaharli tutundan aziyat chekayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi xodimlari tomonidan ushbu holat joyiga chiqib o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hudud tuman “Obodonlashtirish” bo‘limiga tegishli bo‘lib, haqiqatdan ham hududda chiqindilar to‘planib qolgan va yong‘in yuzaga kelishi oqibatida atrofga zaharli tutun tarqalgan.
Partiya vakillari bu bo‘yicha tuman mutasaddilariga murojaat qilib, holatni bartaraf etish bo‘yicha muzokara olib bordi. Tuman mas’ullari tomonidan bir hafta muddat ichida texnika jalb qilinib, chiqindilar ko‘milishi va yuqori qismi tekislanishi bildirildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi esa mazkur muammoning bartaraf etilishini nazoratga olib, qayta o‘rganish ishlarini olib borishini ma’lum qildi.
O‘zA