Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi noqonuniy chiqindi tashlanadigan joylarda 25 ta zamonaviy kameralar o‘rnatilib, dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan onlayn rejimda kuzatilmoqda.
Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda qo‘shimcha 200 ta kuzatuv kamerasini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Kelgusida chiqindilarni duch kelgan joyga tashlab ketish holatlariga butunlay chek qo‘yish maqsadida bunday kameralar butun mamlakat bo‘ylab o‘rnatiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, MJtKning 91-moddasiga ko‘ra, sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA