Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noqonuniy baliq ovlaganlar tabiatga 679 mln 400 ming so‘m zarar yetkazdi
17:41 / 2025-09-25

Tabiat ne’matlarini asrab-avaylash, suv resurslari va hayvonot dunyosini muhofaza qilish — davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Brokanerlikga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishi, qonunbuzarlarga nisbatan jazo muqarrar ekanligi hamda tabiatga befarqlikka yo‘l qo‘yilmasligi esa bu boradagi tizimli ishlar samarasidir.

Shu maqsadda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi, Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida navbatdagi tezkor reyd o‘tkazilgan. 

Tadbir davomida fuqarolar A.U. va Sh.U. Sirdaryo daryosining Bo‘ka tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida taqiqlangan elektr qarmoq yordamida 8 xildagi jami 31 dona baliqni noqonuniy tarzda ovlaganligi aniqlangan. Shu bilan birga, ovlangan baliqlar orasida O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan 3 dona “Turkiston mo‘ylabdori” ham bo‘lgan. 

Huquqbuzarlar baliqlar, elektr qarmoq, rezina qayiq, setkali tutqich, akkumulyatorlar va boshqa jihozlarni “Cobalt” rusumli transport vositasiga yuklab hududdan olib chiqib ketish jarayonida to‘xtatib qolingan.  Noqonuniy ov natijasida hayvonot dunyosiga 679 million 400 ming so‘m zarar yetkazilgan. 

Barcha dalillar qonuniy tartibda rasmiylashtirilib, ovlangan baliqlar hamda taqiqlangan qurollar vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yilgan. Noqonuniy ovda foydalanilgan transport vositasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.

Mazkur fuqarolar avval ham noqonuniy baliq ovlagani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etayotganiga qaramasdan, ular qisqa vaqt ichida xuddi shu huquqbuzarlikni takroran sodir etgani holatning jiddiyligini ko‘rsatadi. Hujjatlar tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/I1Vq7vA0cr0" title="Noyob qush va baliqlar qutqarildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Eshmirzayeva, O‘zA