Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda o‘tkazilgan tezkor nazorat tadbiri davomida noqonuniy baliq ovlagan fuqarolar ushlandi.
O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Amudaryo va Sirdaryoda 11 martdan 31 maygacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida 26 apreldan 10 iyungacha, boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16 apreldan 31 maygacha bo‘lgan muddatda baliq ovlash taqiqlanadi.
Shunga qaramasdan ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy baliq ovlash holatlari uchrab turibdi. Jumladan, QQR Taxtako‘pir tumani hududida joylashgan tabiiy ko‘lda 2 nafar fuqaro tomonidan taqiqlangan davrda 6 ta zog‘ora va 1 ta pelyad balig‘i to‘r bilan ovlagani aniqlandi. Natijada tabiatga 13 million 125 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga taqdim etilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri