Vatanimiz tarixidagi 2 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1680 yil (bundan 345 yil oldin) – ashtarxoniylar sulolasidan bo‘lgan ellik besh yoshli Subhonqulixon Qarshi shahrida xonlik masnadiga ko‘tarildi. Tarixchi Muhammad Yusuf Munshiyning yozishicha, keksayib qolgan Buxoro xoni Abdulazizxon ukasi Subhonqulixonga Buxoro xonligi taxtini topshirib, o‘zi hajga jo‘naydi. Buxorodan Muhammad Bokir Xoja Jo‘yboriy boshliq kiborlar, amirlar Qarshiga yangi xonni qutlash, uning nomini xutbaga qo‘shib o‘qish, tangalarga nomini zarb etish bilan sharaflash uchun Qarshiga keladilar. Qarshi bu yillarda, ya’ni XVII asrnnng 80-yillarida Buxoro xonligida poytaxtdan keyingi asosiy shaharlardan biri darajasiga ko‘tarila boradi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Subxonqulixon saroyda tabiblarni yig‘ib, tabobat borasida ilmiy anjumanlar o‘tkazib turar edi. Uning amaliy tibbiyot bilan shug‘ullangani ma’lum emas, ammo tibga oid ikkita asari borligi ma’lum. Subxonqulixonning kitoblari o‘zbek tilida yozilgan birinchi tibbiy asarlar sifatida tibbiyot tarixida muhim o‘rin tutadi. Kitobning o‘zbek tilida yozilishi haqida muallif bunday deb yozgan edi: “o‘tmishdagi tabiblar bizga arab va fors tillarida yozilgan asarlar qoldirganlar. Men turk (o‘zbek) tilida yozilgan tibbiy kitob uchratmadim. Mahalliy aholi arab va fors tilida yozilgan kitoblardan foydalana olmaydi. Shuning uchun men o‘z kitobimni turk (o‘zbek) tilida yozdimki, undan o‘zimizning odamlar foydalansinlar”.
Subhonqulixon mamlakat rahbari sifatida fuqaro sog‘lig‘ini saqlash ishlariga ham ma’lum darajada e’tibor bergan. Ma’lumki, O‘rta Osiyo sharoitida yozning issiq kunlarida aholi o‘rtasida ich ketish kasalligi ko‘payadi. Shuning oldini olish uchun Subhonqulixon novvoylar non yuziga kunjut urug‘ini sepib yopsinlar, degan farmon chiqardi. Kunjut avvalo o‘zi xushboy hidli, yoqimli, ikkinchidan esa u ich ketishni to‘xtatadi. Farmon bilan boshlangan bu tadbir hozir odat tusiga kirgan.
1876 yil (bundan 149 yil oldin) – Peterburgda safarda bo‘lgan Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman general-gubernatorlik markazi Toshkent shahriga telegramma jo‘natib, unda Qo‘qon xonligi yo‘q qilinib, uning o‘rnida markazi Yangi Marg‘ilon shahri bo‘lgan Farg‘ona viloyatini tashkil qilishni buyurdi.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – “Qozoli musulmon teatr to‘garagi” tomonidan o‘zbekcha-tatarcha spektakl namoyish etildi. Spektaklga tomoshabinlar shunchalik ko‘p to‘plangan edilarki, chiptalar yetishmaganidan odamlarni kiritish uchun nazorat markalaridan ham foydalanilgan. Shu kuni olingan 470 rubl 14 kopeyek sof foyda to‘garak ixtiyorida qoldirilgan.
1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Toshkentda kutubxona xodimlarining konferensiyasi bo‘ldi. Konferensiya butun kutubxonachilik ishini birlashtirish uchun Markaziy kutubxonachilik komissiyasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi va kutubxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng targ‘ibot ishlari olib borishni muhim vazifalardan biri deb belgiladi.
1923 yil (bundan 102 yil oldin) – davlat va jamoat arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zahro Rahimboboyeva tavallud topdi (vafoti 1992 yil). U 1947–1950 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi bo‘lim mudiri, 1950–1951 hamda 1956–1963 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi kotibi lavozimlarida ishladi.
Dastlab 1954–1955 yillarda O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan bo‘lsa, ikki bora – 1963–1967 hamda 1981–1986 yillarda O‘zbekistonning madaniyat vaziri bo‘ldi.
Zahro Rahimboboyeva 1967–1973 yillarda qarorgohi Berlin shahrida bo‘lgan Xalqaro demokratik xotin-qizlar federatsiyasi kotibi – SSSR vakili; 1973–1977 yillarda Hindistonda SSSR elchixonasining Favqulodda va Muxtor maslahatchi-elchisi vazifalarini bajardi.
U 1977–1981 yillarda SSSR Tashqi ishlar vazirligida Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lib ishladi. Madaniyat vazirligidan iste’foga chiqqan Zahro Rahimboboyeva umrining oxiriga qadar O‘zbekiston “Vatan” jamiyati Prezidiumining raisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
1929 yil (bundan 96 yil oldin) – “O‘zbekiston SSRning shahar va shahar punktlari ro‘yxatini tuzish to‘g‘risida” karor qabul qilindi. U huquqiy jihatdan shaharlar maqomini belgilash borasida qo‘yilgan dastlabki qadam bo‘ldi. Qarorga asosan shaxarlar ro‘yxati tuzilib, unga 15 ga yaqin shaharlar kiritildi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy tavalludining 560 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etildi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston hukumati vakillari ish tirokida “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temir yo‘l loyihasini qurish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilib, unda tomonlar o‘rtasida “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Termiz xalqaro savdo markazi» erkin savdo zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil yo‘llari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “«Yosh gvardiyachilar» bolalar va o‘smirlar sport maktablari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – “2023–2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish milliy dasturi” tasdiqlandi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Ta’lim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA