Nonni e’zozlagan nonday aziz bo‘ladi
Fermer paxtasini yig‘ib-terib olishi bilan dalani shudgorlashga shoshadi. Umid bilan yerga bug‘doy sochadi. Qishning qirovli kunlarida sug‘oradi. Unib chiqqan bug‘doyni begona o‘tlardan tozalaydi. Yozning jaziramasida o‘rib oladi. Xirmonga olib borib topshiradi.
Fermer paxtasini yig‘ib-terib olishi bilan dalani shudgorlashga shoshadi. Umid bilan yerga bug‘doy sochadi. Qishning qirovli kunlarida sug‘oradi. Unib chiqqan bug‘doyni begona o‘tlardan tozalaydi. Yozning jaziramasida o‘rib oladi. Xirmonga olib borib topshiradi.Odamlar shirin uyqudaligida novvoy turib xamir qoradi. Non sehi xodimlari allaqachon ishlayotgan bo‘ladi. Erta tongda yangi tayyorlangan nonlarni ortgan mashinalar bozorlar va do‘konlarga yo‘l oladi. Xalqimiz ularni sotib olganda hali hovuri qaytmagan bo‘ladi.
Har yili, har kuni shu zaylda aholiga non yetkazib beriladi.
Xalqimiz nonni yaxshi ko‘radi. Qanday taom tanovvul qilmaylik, dasturxonimizda albatta non bo‘ladi. Mehmonga borsak ham, safarga chiqsak ham yonimizga non olvolamiz.
Nonga ehtirom turmush tarzimizdan, ma’naviyatimizdan chuqur joy olgan. Oila qurayotgan ikki yoshning hayoti baxtli, rizqi mo‘l bo‘lsin, degan niyatda non ushatiladi. Uzoq joyga ketayotganlarga non tishlatiladi. Bu uning rizqi uyida qolganligining ramzi sanaladi va u qaytib kelgunicha asrab qo‘yiladi.
Xalqimiz nonni alohida e’zozlaydi. Bobomeros an’analarimizga ko‘ra, non teskari tishlanmaydi, uning ustiga boshqa narsalar qo‘yilmaydi. Nonning ustidan hatlash, uni isrof qilish katta gunoh hisoblanadi.
Mana shunday shukronalik, e’zoz va e’tibor tufayli bo‘lsa kerak, bugun yurtimizda don va non bisyor.
Lekin hamisha shundaymidi? Uzoqqa bormaylik, bundan atigi yigirma besh yil oldingi holatni eslaylik. O‘lkamizda uzoq yillar hukm surgan, faqat xomashyo yetkazib berishga asoslangan bir yoqlama iqtisodiy siyosat 80-yillarning oxirida har bir sohada o‘zining halokatli ta’sirini ko‘rsata boshlagan edi. Paxta yakkahokimligi, ekinlar almashlab ekilmasligi oqibatida yerning tinka-madori qurigan, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish izdan chiqqandi.
Prezidentimizning «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobida keltirilgan quyidagi fikrlar o‘sha davrning og‘ir va ayanchli ijtimoiy-siyosiy manzarasini yaqqol ifodalaydi:
«Mamlakatning paxta mustaqilligi yo‘lida respublika ko‘p qurbonlar berdi. Xalqimiz taqdiri go‘sht, sut va hayot uchun eng zarur bo‘lgan boshqa mahsulotlarning faqat chetdan olib kelinishiga bog‘liq qilib qo‘yildi. Mana shularni ochiq aytish payti keldi, aks holda biz xalqni ishontira olmaymiz. Shuni ro‘yirost aytish kerakki, bunday siyosat O‘zbekistonni halokat yoqasiga, qashshoq, nochor ahvolga olib keldi».
O‘zbekiston shunday og‘ir sharoitda mustaqil bo‘ldi. Bu paytda mamlakatimizda atigi bir necha kunga yetadigan don zaxirasi qolgan edi. Murakkab tomoni, bir vaqtning o‘zida ham aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ham sohada tub islohotlarni amalga oshirish zarur edi. Bunday vaziyatda hosildorlik kamayib ketishi, non taqchilligi yuzaga kelishi hech gap emasdi.
Davlatimiz rahbarining chuqur o‘ylangan, jahon tajribasi va mamlakatimizning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib amalga oshirilgan oqilona iqtisodiy siyosati xalqimizni ana shunday inqirozdan betalafot olib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligida yangi mulkchilik shakllari, bozor munosabatlari joriy etildi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, seleksiya ishlarini rivojlantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Fermerlik harakatiga keng yo‘l ochildi. Odamlarning yerga, mehnatga munosabati o‘zgardi.
Natijada mamlakatimiz qisqa vaqtda g‘alla mustaqilligiga erishdi. Tuproq unumdorligi oshirilgani, yerga ishlov berishning ilg‘or usullari joriy etilgani, fermer xo‘jaliklari zamonaviy texnika bilan ta’minlangani samarasida g‘alla yetishtirish yildan-yilga ko‘payib bormoqda.
1991-yilda yurtimizda 940 ming tonna g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik 17 sentnerni tashkil qilgan bo‘lsa, 2013-yilda o‘rtacha 55 sentnerdan hosil olinib, jami xirmon 7 million 610 ming tonnadan oshdi. Ushbu raqamlarni muqoyasa qilganda, mustaqillik yillarida don mahsulotining umumiy hajmi 7 barobardan ortiq, hosildorlik esa 3 karradan ko‘proq oshgani ayon bo‘ladi.
Bu raqamlar aytishga oson. Ammo bunga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmasligini har doim ham o‘ylab ko‘ravermaymiz. Buning zamirida chuqur va izchil islohotlar natijasi, dehqonlarimizning zahmatli mehnati mujassam. Mamlakatimiz mustaqil bo‘lmaganida, yer haqiqiy egasiga berilmaganida bunday yutuqlarga erishib bo‘larmidi?! Fermerlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularning hayotga, mehnatga munosabati o‘zgargani, mehnati samarasidan manfaatdorligi oshgani bunday ulkan marralarning asosiy omili bo‘lmoqda.
Dehqonchilik uchun qulay kelgan yilning o‘zi yo‘q. Har mavsumda tabiat bilan bog‘liq turli qiyinchiliklar paydo bo‘ladi. Qishning sovuq kelishi, bahorning kechikishi, yog‘ingarchilik va haroratning me’yoridan oshib ketishi yoki me’yorida bo‘lmasligi, bevaqt shamol – hamma-hammasi hosilga ta’sir qiladi, dehqonga qo‘shimcha tashvish keltiradi. Ekinlar uchun obi hayot bo‘lgan yomg‘ir ham bemahal yog‘sa zararga aylanadi. Usta dehqonlarimiz, dala mehnatkashlari bu sinovlardan nolimaydi. Yaratgandan baraka tilab, kechayu kunduz tinmay mehnat qiladi, xalqimiz rizq-ro‘zini bunyod etadi. Shundan avvalo o‘zi huzur qiladi.
Ana shunday insonlarning fidoyiligi, tinimsiz va mashaqqatli mehnati evaziga dasturxonlarimiz to‘kin, bozorlarimiz farovon. G‘allachilik rivoji chorvachilik va parrandachilik kabi ko‘plab tarmoqlarga ham ijobiy ta’sir etib, go‘sht, sut, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l bo‘lishini ta’minlayotir.
Hozir yurtimizda ayni yoz mahali. Oftob olamni qizdirmoqda. Odamlar o‘zini soya-salqinga olgan. Shunda ham ko‘cha-ko‘yda, ishxonada havo haroratidan noligan, qo‘li ishga bormay, betoqat bo‘lganlarni ko‘p ko‘ramiz.
Lekin qancha odamlar shu issiqda dalada ishlamoqda. Sizu bizning, xalqimizning rizq-ro‘zini jamlash uchun tinim bilmayotir. G‘alladan bo‘shagan yerni shudgorlab, kelgusi yil hosiliga ham zamin yaratmoqda. Bug‘doyni, nonni ulug‘ ne’mat sifatida e’zozlab, ko‘ziga to‘tiyo qilib yashaydigan xalqimiz dehqon va fermerlar, kombaynchi va ishchilarning bunday og‘ir mehnati, azmu shijoatining ham qadriga yetadi, yuksak baholaydi.
Aholining non va non mahsulotlariga talabini qondirishda non tayyorlash sanoati rivoji ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Ilgari katta-katta non zavodlari bo‘lardi, – deya eslaydi «Toshkent-non» uyushmasi bosh texnologi Gulchehra Hoshimova. – Masalan, Toshkent shahrida to‘rtta shunday zavod bor edi. Ularda nonning sifatini nazorat qilish imkoni yo‘q edi. Raqobat bo‘lmagani uchun atigi uch-to‘rt xil non pishirilar, odamlar do‘konda qanday non bo‘lsa, o‘shani olishga majbur edi. Ba’zan zavoddan uzoqda joylashgan dahalarga kunlab non yetib bormasdi. Bugungi kunda poytaxtimizda 50 non sexi barpo etilgan. Ular barcha daha va mahallalarni qamrab olgan. Ushbu korxonalarda 40 dan ortiq turdagi non mahsulotlari tayyorlanmoqda hamda do‘konlarga o‘z vaqtida, sifatli tarzda yetkazilmoqda. Novvoylarimiz yopgan nonlar bozorlarimiz ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlamoqda.
Bunday fayzu barakani yurtimizning barcha go‘shalarida ko‘rish mumkin. Bozorlarga kirib, qay bir nonni tanlashni bilmay qolamiz. Har bir viloyatning nonlari shakli va ta’mi, tayyorlanish uslubi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, Samarqand nonlarining dovrug‘i dunyoga ketgan.
Galaosiyo qishlog‘i mamlakatimizning sharqu g‘arbini, shimolu janubini bog‘laydigan katta yo‘l yaqinida joylashgan. Bu yerda kechayu kunduz avtomobillar qatnovi tinmaydi. O‘tgan-qaytgan yo‘l bo‘yidagi rastalarda to‘xtab, non xarid qiladi.
Biz ham shu yerdan o‘tayotib, oyoq ildik. Hamma g‘ovur-g‘ovur non sotib olmoqda. Bir sherigimiz narxni arzonlatish maqsadida sotuvchi ayol bilan savdolashdi.
– Akajon, shunday non bir yarim ming so‘mga qimmatmi? Buning mehnatini bilmaysiz-da. Sahar turib, xamir qorish, uni yasatish, bezak berish, issiq tandir oldida soatlab tik turishning o‘zi bo‘lmaydi. Shukrki, yurtimizda bug‘doy arzon, un arzon. Boshqa joyda bunaqa narxga bunday non topolmaysiz, – dedi sotuvchi ayol.
Bu gapdan hammamiz uyaldik, xijolat tortdik. Yurtimizdagi arzonchilik, to‘kinlikka shukr qildik.
Sir emas, jahonda oziq-ovqat mahsulotlariga talab ortib borayotir. Qurg‘oqchilik va tabiiy ofatlar oqibatida qishloq xo‘jaligi sohasida jiddiy muammolar yuzaga kelayotir. Xususan, g‘allachilikda hosildorlik keskin kamayib, don taqchilligi kuzatilmoqda. Bu non va non mahsulotlari narxining oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Ming shukrki, mamlakatimizda to‘kinlik, mo‘l-ko‘lchilik, arzonchilik barqaror. Bu Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalq farovonligini yuksaltirish, narx barqarorligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning, bobodehqonlarimiz fidokorona mehnatining samarasidir. Alloh ato etgan bunday ne’matlar uchun shukrona keltirib, ularning qadriga yetishimiz lozim.
Nonni e’zozlagan kishining rizqi yanada ziyoda bo‘ladi. Har bir nonda dehqonlar, tegirmonchilar, novvoylarning zahmatli mehnati aks etadi. Nonni aziz tutsak, ularning mehnatini qadrlagan bo‘lamiz. Nasibamiz hamisha butun, dasturxonimiz to‘kin bo‘laveradi.