Mulohaza
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega non hech qachon odamning badiga tegmaydi? Inson eng zo‘r, eng mazali, hatto eng tansiq taomlardan ham yuz o‘girishi mumkin, ammo nondan voz kecha olmaydi. Chunki, non– muqaddas, ilohiy ne’mat, unda ilohiy ta’m bor. Uni bir bor tatigan kishi umrbod unutolmaydi. Chunki non faqat qorin to‘ydirmaydi, balki inson qalbiga orom, ruhiga taskin beradi.
Azal-azaldan xalqimiz nonni ulug‘lab kelgan. Yerga tushgan non ushog‘ini ko‘zga surtish, uni hurmat bilan yuqori qo‘yish, isrof qilmaslik– bularning barchasi nonga bo‘lgan chuqur ehtirom belgisi. Chunki har bir burda non ortida qancha mehnat, qancha duo, qancha umid va sabr bor. Non – dehqonning peshona teridan, ona duosidan, quyosh nuridan va yerning barakasidan yaraladi.Uning hidi bolalikni, uning ta’mi ona uyini, uning tafti mehr-oqibatni eslatadi. Bir burda non esa ba’zan insonga butun boshli taomdan ko‘ra ko‘proq quvvat beradi Ilohiy ta’m degani ham shunda: nonni sidqidildan shukrona bilan yegan inson hayotning qadrini his qila boshlaydi.Ochlik nima ekanini bilgan kishi uchun non boylik,tinchlik va baxt ramzidir. Shuning uchun ham non bor uyda baraka bor, non bor joyda umid bor, deyiladi.
Bugungi kunda farovonlik ichida yashab, ba’zan nonning qadrini unutib qo‘yayotgan bo‘lishimiz mumkin. Ammo unutmasligimiz kerakki, nonga bo‘lgan hurmat insonga bo‘lgan, mehnatga, hayotga bo‘lgan hurmatdir.Nonni aziz tutgan xalq hech qachon xor bo‘lmaydi. Shu bois har birimiz dasturxonga qo‘yilgan nonga shukrona bilan boqaylik, uni isrof qilmaylik. Bolalarimizga ham nonning muqaddasligini o‘rgataylik.Chunki non hayotning o‘zi, ilohiy ne’matning eng sodda, ammo eng buyuk ko‘rinishidir.

Nonda ilohiy bir ta’m bor. Uni bir marta his etgan kishi umrbod eslab qoladi...
O‘spirinlik chog‘imda– o‘tgan asrning 60-yillarida, yanglishmasam, 8-9 sinfda o‘qigan kezlar edi. Nurota tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan Qo‘shilish qishlog‘ida yashovchi xolamnikiga bordim. Taniqli shoir, ko‘p yillar “O‘zbekiston ovozi” gazetasiga bosh muharrirlik qilgan ustoz jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun shu qishloqda tug‘ilib o‘sgan. Poyida qaynar buloqlaru sharqiragan soylari, bosh uzra savlat to‘kib turgan purviqor qoyalaru cho‘qqilarga rom bo‘lib tursam, xolamning Qo‘chqor ismli qo‘shnisi kelib qoldi.
–Ertaga ovga chiqaman, men bilan borasanmi?
Garchi qo‘limga biror marta ov quroli ushlamagan bo‘lsam-da, bu taklifga jon-jon, deb rozi bo‘ldim.
Tong saharda baland cho‘qqilar sari yo‘l oldik.Yelkamizda bittadan miltiq. Darvoqe, u paytlarda ov uchun ham, qurol uchun ham hozirgidek taqiqlar yo‘q edi. Bir soatdan mo‘lroq yurganimizdan so‘ng Beshbarmoq cho‘qqilari ro‘parasidagi baland qoyaga yetdik va u joyda o‘sayotgan ulkan archa daraxti yonida to‘xtadik. Qo‘chqor akaning aytishicha, uning tagida olqorlar hordiq olib, keyin turli tomonlarga tarqalishar ekan.
Biz ham biroz dam olgach, shu kungi ozig‘imiz – bitta non tugilgan belbog‘ni archaning baland, yovvoyi hayvonlar chiqolmaydigan shoxiga ilib qo‘ydik. Keyin olqorlar iziga tushdik. Afsuski, ovimiz baroridan kelmadi, olqorlar galasini faqat olisdan ko‘rdik, xolos. Ularning izidan quvib, uzoqlab ketganimizni sezmay qolibmiz. Ov ishqini qarangki, vaqt ham tez o‘tibdi– bir payt qarasak, quyosh tepamizda turibdi. Ortga qaytdik.Bir qir, ikki qir, uch qir oshdik, lekin belbog‘ ilingan archa ko‘rinmasdi. Qornim tatalab, holdan toya boshladim. Bir amallab yana bir qir oshdik: archa ko‘rinmadi. Batamom holsizlanib sudralib qoldim. Holimni Qo‘chqor akaga bildirmaslik uchun, tishimni tishimga qo‘yib, uning ortidan jon-jahdim bilan intilardim. Bir gal ko‘zim tinib gandiraklab ketdim. Yuqoriga chiqish shu qadar azob ediki, bamisoli yelkamda tog‘day og‘ir yuk borga o‘xshardi.
Va nihoyat archa ko‘rindi. Shu dam menga u oddiy daraxt emas, bamisoli najot qal’asiday bo‘lib tuyuldi. Qo‘chqor aka non o‘ralgan tugunchani archa shoxidan yechib oldi-da, ulkan qoya poyida qaynab chiqayotgan buloq sari yo‘naldi.Keyin belbog‘dagi nonni 7–8 bo‘laklab o‘sha buloq ko‘ziga tashladi va o‘n qadamcha nariga borib, ariqcha bo‘yidagi o‘tloqqa chordona qurib o‘tirdi.Chamasi yarim soatlarda, archa shoxida turib tog‘ shamolidan nami qochib qotgan nonimiz buloq suvini shimib, mag‘izlari oppoq burqsigan holda yonimizga suzib keldi.Ochlikdan sillam qurigani sababli men uni shunday intizor kutdimki, o‘sha yarim soat naq asrga cho‘zilganday bo‘ldi.
Buloq suvida obdon ivib oqib kelgan nonning bir bo‘lagini og‘zimga solganim hamon vujudimga qandaydir titroq taraldi. Men umrimda birinchi marta shunday mazali non yedimki, uning hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydigan ta’mi og‘zimda abadiy qolganday bo‘ldi. Bu totli ta’mni hamon eslayman. Endi bilsam, u muqaddas ne’matning ilohiy ta’mi ekan!
Norbobo Shakarov, O‘zA