Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Non orasiga yashirilgan dollar
16:15 / 2026-01-25

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali nonlar orasiga yashirilgan 18 ming 800 AQSH dollari qiymatidagi valyutani yurtimizdan olib chiqib ketilishining oldi olindi.

Bojxona nazoratidan o‘tish uchun qizil yo‘lakni tanlagan fuqaro o‘zining yonida belgilangan me’yor doirasida valyuta borligini ma’lum qilib, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldiradi. Deklaratsiya rasmiylashtirilganidan so‘ng bojxona xodimi fuqaroning qo‘l sumkalarini nazoratdan o‘tkazdi.

Natijada, og‘zaki so‘rovda qarindoshlari uchun olingan non va qand-qurs solinganligi aytilgan sumkadagi nonlar orasidagi “qand-qurs”lar aslida 18 ming 800 AQSH dollari ekanligi aniqlandi.

Fuqaroning ushbu xatti-harakatlari yuzasidan bojxona organlari tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Yashirincha olib o‘tib ketilayotgan 18 ming 800 AQSH dollari vaqtincha saqlovga olindi.

Bojxona xodimlarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, jismoniy shaxslar ekvivalenti 100 million so‘mgacha bo‘lgan naqd valyuta mablag‘larini mamlakatdan chiqarishlari mumkin, bu jarayonda bojxona nazorati qoidalariga rioya qilinishi talab etiladi.

F. Ubaydullayev, O‘zA