Ko‘pchilik hamyurtlarimiz ta’tilni oila a’zolari bilan miriqib dam olib, basseynlarda cho‘milish bilan o‘tkazmoqda. Ammo hamma ham o‘ziga tetiklik va yaxshi kayfiyat beruvchi cho‘milish havzalaridagi suvning qadriga yetavermaydi. «Men o‘zim maza qilib cho‘mildim, boshqalar bilan nima ishim bor», deguvchilar ham yo‘q emas. Dam olish oromgohlaridagi suvlarga turli chiqindilarini tashlab ketayotgan odamlardan ko‘pincha nazoratchilar nolib qolishadi.
Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Raufjon Qosimov hamda Toshkent shahar boshqarmasi Bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi mudiri Dilfuza Hikmatovalar cho‘milish odobi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Yosh bolalar bilan kattalarni bitta basseynda cho‘milishi gigiyenaga to‘g‘ri keladimi?
— Bolalar uchun mo‘ljallangan cho‘milish havzalarida alohida sharoit yaratilgan, ya’ni basseyn ichi chuqur bo‘lmasligi, chiqib-tushadigan joylari bo‘lishi kerak. Odamlarni va bolalarni soni me’yordan oshmasligi hamda grafik bo‘lishi shart. Misol uchun, bir soatda basseynda nechta odam cho‘milishi kerakligi haqida grafikda to‘liq yozib qo‘yiladi. Agar odamlarning soni me’yordan oshmasa, cho‘milish mumkin. Shuni e’tiborga olish kerak.
— Ayrim odamlar cho‘milish havzalariga tupurishadi. Basseynlarda cho‘milganda gigiyenaga rioya qilish zarurligini uqtirish kimning zimmasida?
— Yoshligimizda hovlimiz chetidan ariq o‘tardi. Buvi-bobolarimiz tandirda yopilgan nonni ariqda oqizib yer ekanlar. Bu haqda bizga tez-tez gapirib, suvni qadrlash haqida eslatib turishardi. Hozir suvga nisbatan pala-partish qarash holatlari ko‘p uchramoqda. Birlashgan Millatlar tashkiloti olimlarining ta’kidlashicha, 2030 yilga kelib suvga ehtiyoj hozirgiga qaraganda 60 baravarga oshar ekan. Demak, biz ichimlik suvlari, suzish havzalari, daryo va ko‘llardagi suvlarga e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Har bir bosayotgan noto‘g‘ri qadamimiz kelajak avlodni zararlashini ongimizga singdirishimiz shart.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9i5hD2NSORc" title="NON OQIZIB YeGAN ARIQLARIMIZGA ENDI CHIQINDI TASHLAYAPMIZ +VIDEO" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Albatta suvga bo‘lgan e’tiborni oshirishda bizga maktabdagi pedagoglar, mahalla faollari, o‘zini-o‘zi boshqaruvchi shirkatlar yordam berishadi. Hozir har bir fuqaroga jamiyat oldidagi burchlarini kimdir o‘rgatishi shart emas, o‘zi bilib bajarishi zarur.
Ota-onalarimiz cho‘milish havzasiga borganda, o‘zlari namuna bo‘lishlari kerak. Agar dam olishga chiqib, har xil ichimlik suvlaridan bo‘shagan idishlarni o‘sha yerga tashlab, ifloslantirsak, albatta farzandlarimiz ham shu holatni takrorlaydi. Har bir inson o‘z ustida ishlab, yashash madaniyatini oshirishi kerak.
— Xorijda odamlarning cho‘milish havzalariga bo‘lgan e’tibori qanday?
— Aslida hamma joyda suv havzalariga bo‘lgan e’tibor ham, talab ham bir xil. Ammo xorijda bizdan ko‘ra madaniyat yuqori. Albatta jamoat joyida bir odam yaxshilikni ko‘rgandan keyin ikkinchi odam ham undan andoza oladi. Bir odam qoidani buzsa, boshqalar ham unga ergashib ketaveradi. Cho‘milish havzalariga borgan odamlar tartibli bo‘lsa, boshqalar ham ularga ergashadi.
N. Rahmonova, N. Abduvoitov (video), O‘zA