Mamlakatimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy tadbir –saylovga Namangan viloyatida ham puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashkilotlarida targ‘ibot-tashviqot ishlari qizg‘in pallada. Mazkur jarayonda eng avvalo, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalanildi.
– Barcha ishlarni muvofiqlashtirishni saylovoldi shtabimiz o‘z qo‘liga olgan, – deydi “Adolat” SDP viloyat kengashi raisining o‘rinbosari Bahodir Boltaboyev. – Mehnat jamoalari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining takliflariga binoan joylarga faollarimizdan iborat guruhlarni yuborib turibmiz. Ular aholini partiyamizdan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning saylovoldi dasturi, tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi.


Nomzodning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili “Adolat” SDP viloyat kengashi raisi, deputat Isroiljon Jo‘rayev ishtirokidagi saylovchilar bilan uchrashuvlar ham yuqori saviyada o‘tdi. Ularni yurtimizning o‘tmishi, buguni va kelajagi haqidagi salmoqli hamda qiziqarli suhbatlarga qiyoslash mumkin.

– Viloyatning Pop, Mingbuloq, Davlatobod tumanlarida Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili bilan uchrashuvlarda qatnashdik, – deydi “Adolat” SDP Namangan viloyati kengashi matbuot kotibi Nurbek Abdullayev. – E’tiborli jihati ularning har birida ishtirokchilarning toifasiga qarab mavzu tanlandi. Masalan, Davlatobodda ijtimoiy adolatni va milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish diqqat markazida bo‘ldi. Chunki bu tuman yangi tashkil etilgan, ishlab chiqarish jadal taraqqiy etmoqda. Popda esa atrof-muhitni muhofaza qilish borasida olg‘a surilgan masalalarga urg‘u berildi.


Mingbuloqliklar bilan suhbatda esa huquqiy davlat qurishga oid vazifalar barchaning qiziqishiga sabab bo‘ldi. Umuman olganda, “Adolat” SDP tomonidan ko‘rsatilgan nomzodning ishonchli vakili tomonidan Namanganda o‘tkazilgan saylovoldi tashviqoti uchrashuvlari qiziqarli o‘tdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.