Yurtimizdagi beshta siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar o‘z saylovchilari bilan yuzma-yuz muloqotlarda ularning ko‘proq ishonchini qozonishi muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Oqoltin tuman kengashi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasida Sirdaryo viloyatidan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Adham Shayjigitov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Jonibekova, O‘zbekiston “Adolat” SDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi Jamol Komilov, Oqoltin tumani kengashidan ko‘rsatilgan nomzod Shahlo Ziyoviddinovalar ishtirokida saylovchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Partiya elektorati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda nomzodlar "Xalq salomatligi- ulkan boylik, farovon turmush garovi" yo‘nalishida aks etgan saylovoldi dasturi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Tibbiyot tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiyalarni joriy etish, "Aqlli tibbiyot"ni shakllantirish, joylarda aholiga malakali tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish, dori-darmonlar ustidan nazoratni kuchaytirish, ta’sirchan qonunchilik mexanizmlarini ishlab chiqish, tibbiyot xodimining maqomini oshirish va sog‘liqni saqlash sohasidagi qonun hujjatlarini tizimlashtirish maqsadida Tibbiyot kodeksini ishlab chiqish, Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordamning huquqiy asoslarini yaratish, bepul tibbiy yordamning aniq hajmini belgilash, ochiqligini ta’minlash va buning ustidan qat’iy davlat nazoratini o‘rnatish yuzasidan bildirilgan fikrlar tibbiyot xodimlariga manzur bo‘ldi.

Tadbir yakunida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Oqoltin tuman kengashi tomonidan partiya targ‘ibot punkti tashkil qilinib, partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar yuzasidan saylovchilarga batafsil ma’lumot berildi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri