Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nomzodlarning ishonchli vakillari qanday vakolatlarga ega?
17:07 / 2024-09-24

Saylov jarayonlarida nomzodning g‘alaba qozonishida ishonchli vakillarning o‘rni va roli nihoyatda muhim hisoblanadi. Negaki, nomzod nomidan uning dasturi, saylovoldi platformasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda vakil muhim o‘rin tutadi. Nomzod ham saylovoldi tashviqotlari davrida barcha saylovchilar bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi mumkin. Shu ma’noda ham yordamchi bo‘lgan ishonchli vakillar ularning tashviqotida asqatadi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Demak, ishonchli vakillar har tomonlama yuqori bilim, amaliy tajriba va hayotiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, keng jamoatchilik orasida obro‘-e’tibor hamda shu yo‘nalishda yetarli tajriba orttirgani muhim sanaladi. Saylov kodeksiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod o‘n nafarga qadar, viloyat Kengashi deputatligiga nomzod besh nafarga qadar, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod uch nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. 

Ta’kidlash lozimki, ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalash maqsadi ularning oldida turgan eng muhim vazifasi hisoblanadi. Qayd etish lozimki, “Hududiy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi nizom talablariga muvofiq, hududiy saylov komissiyasi Qonunchilik palatasi deputatligiga hamda xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi.

Xorijiy davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Belarus Parlamenti Vakillar palatasi deputatligiga qo‘yilgan nomzodlarga 15 nafargacha, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputatligiga qo‘yilgan nomzodlarga 10 nafargacha, Qozog‘iston Parlamenti Majlisi deputatligiga qo‘yilgan nomzodlarga tegishli saylov okrugiga biriktirilgan har bir saylov uchastkasi bo‘yicha 3 nafargacha ishonchli vakil olish huquqi kafolatlangan. Tahliliy ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2019 yil vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylovlarda MSK xabariga ko‘ra, 9 345 nafar ishonchli vakilga mandat berilgan. 

Qayd etish lozimki, 2019 yil vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylov yakunlariga ko‘ra, saylovoldi tashviqoti davrida barcha siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari uchun saylovchilar bilan uchrashuvlar, mitinglar, bahslar, debatlar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, OAVda chiqishlar, plakatlar, roliklar, bannerlarni joylashtirish uchun teng imkoniyatlar yaratilgan. Qolaversa, siyosiy partiyalarning ma’lumotiga ko‘ra, deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari tomonidan saylovchilar bilan jami 42 mingdan ortiq uchrashuv o‘tkazilgan.

Ishonchli vakil kafolatlari!

Ishonchli vakil istalgan vaqtda o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli. Alohida ta’kidlash lozimki, ishonchli vakil saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas. E’tiborli jihati, ishonchli vakillarning O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasidagi safar xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi. Ishonchli vakilga uning arizasiga binoan saylovoldi tashviqoti o‘tkazish davrida ish haqi saqlab qolinmagan holda ta’til berilishi mumkin.

Ishonchli vakilning huquq va majburiyatlariga nimalar kiradi?

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan, “Nomzodlarning ishonchli vakillari to‘g‘risida”gi nizom talablaridan kelib chiqib, deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillariga tegishli huquq va majburiyatlar belgilab qo‘yilgan. 

Nomzodlarning ishonchli vakili birinchidan, nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi. Ikkinchidan, nomzod saylanishi uchun tashviqot olib boradi. Uchinchidan, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi. To‘rtinchidan, ishonchli vakil boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

Ishonchli vakilga saylovoldi tashviqoti davrida quyidagi majburiyatlar yuklatiladi: birinchidan, tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek, pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish, ikkinchidan, noto‘g‘ri axborotni, shuningdek, nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish, uchinchidan, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish, shu jumladan, axborot tarmoqlariga, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirish taqiqlanadi. 

Ishonchli vakil tomonidan saylovga bir kun qolganida va saylov kunida tashviqot olib borish taqiqlanadi.

Misol tariqasida, Saylov kodeksining 44-moddasiga zid ravishda tashviqotni saylovchilarga imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish bilan qo‘shib olib borgani aniqlansa, ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik kodeksida belgilangan tegishli javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. Shuni ham qayd etish lozimki, saylov jarayonlarida ishonchli vakillar saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin. 

Xulosa qilib aytgandaO‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovoldi tashviqotlarida ishonchli vakillarning o‘rni va rolini oshirib borish muhim masalalardan biri bo‘lib qolaveradi. 

Sherzod ZULFIQOROV, mustaqil ekspert