Sirdaryo viloyati Kengashi deputatligiga bo‘shab qolgan o‘rin uchun o‘tkazilayotgan saylovlar doirasida Guliston shahrida saylovchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zLiDeP tomonidan “8-Madaniyat” saylov okrugi bo‘yicha deputatlikka ko‘rsatilgan nomzod — Erkinjon Turdimov ishtirok etib, o‘z saylovoldi dasturini taqdim etdi.
Nomzod hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar, 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan rejalar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, o‘tgan hisobot yilida ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini yangilash bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilib, ushbu maqsadlarga qariyb 50 milliard so‘m yo‘naltirilgan.

Shuningdek, 2026-yilda maktablarni kapital ta’mirlash, oqova suv tarmoqlarini kengaytirish hamda ichki yo‘llarga asfalt yotqizish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Mazkur loyihalar uchun 55 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Guliston shahrining mahalla qismi bilan shahar markazini bog‘lovchi temir yo‘l ustidan o‘tgan piyodalar ko‘prigidagi mavjud noqulayliklarni bartaraf etish choralari haqida ham axborot berildi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksa avlod va yosh bolali onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida ko‘prikka lift o‘rnatish, shuningdek, temir yo‘l ostida yer osti o‘tish tunneli qurish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda bir qator mahallalardan kelgan saylovchilar, nuroniylar, xotin-qizlar faollari, yoshlar, partiya a’zolari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Tadbir davomida fuqarolarning saylov jarayonlarida faol ishtiroki va yuksak fuqarolik mas’uliyati demokratik islohotlar samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Muloqot chog‘ida saylovchilar hududdagi dolzarb muammolar — yo‘llarni ta’mirlash, elektr ta’minotini yaxshilash, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini yangilash, tungi yoritish tizimini o‘rnatish, 13 dan ortiq masala yuzasidan savollar bilan murojaat qildi. Nomzod har bir masala bo‘yicha batafsil javob berib, ularni bosqichma-bosqich hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilanishini bildirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri