“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvi Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda partiya faollari, deputatlar, mehnat faxriylari, faol xotin-qizlar va yoshlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda nomzodning Toshkent viloyatidagi ishonchli vakili “Adolat” SDP viloyat Kengashi deputati Gulnora Ahmedova nomzodning tarjimai holi va faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Nomzod Robaxon Maxmudova so‘zga chiqib, o‘z saylovoldi dasturida ilgari surilgan ustuvor g‘oyalar, maqsadlar, asosiy masalalarni saylovchilar e’tiboriga havola etdi. Nomzodning dasturida Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida huquqiy demokratik, ijtimoiy davlat va barcha uchun farovonlik ta’minlangan adolatli fuqarolik jamiyati qurishning sotsial-demokratik modeli taklif etilayotganligi ta’kidlandi. Xususan, nomzod dasturida inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyatning eng yuksak qadriyatlari ekanligi tan olinib, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida har bir insonning farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, mamlakatimizni erkinlik, adolatlilik, birdamlik, ijtimoiy himoya va mas’uliyat tamoyillari hukmronlik qiladigan, insonlarning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan kuchli ijtimoiy davlat sifatida, aholining yuqori turmush darajasiga ega rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga erishish kabi vazifa va maqsadlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘lgan uchrashuv so‘nggida tadbir qatnashchilari yurt ravnaqi, fuqarolar farovonligini ta’minlovchi muhim siyosiy tadbirlarda faol ishtirok etishlarini bildirdi.

A. Musayev, O‘zA