Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Nol” qiymat amaliyoti tufayli ish oʻrinlari yaratilmoqda
19:49 / 2019-11-01

Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish boʻyicha yaratilgan yangi tizim, yaʼni boʻsh turgan binolarni investitsiya kiritish sharti bilan “nol” qiymatida sotish amaliyoti hududlarda izchil davom etmoqda.


Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish boʻyicha yaratilgan yangi tizim, yaʼni boʻsh turgan binolarni investitsiya kiritish sharti bilan “nol” qiymatida sotish amaliyoti hududlarda izchil davom etmoqda. Bu tizim xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish bilan bir vaqtda ishlab chiqarishga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish hisobiga raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlarni tayyorlash va yangi ish oʻrinlari yaratishda qoʻl kelmoqda.

Qibray tumanining Yonariq qishlogʻida “nol” qiymatda investitsiya sharti bilan berilgan tashlandiq binolardan birida “Miss Lighting” Oʻzbekiston — Xitoy qoʻshma korxonasi faoliyatini boshladi. U energiya tejamkor lampalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

— Korxonaga texnik va texnologik uskunalarni kompaniyamiz yetkazib berdi, — deydi Xitoyning “Zhongshan Yuexiang Lighting Texnology” kompaniyasi vakili Si Shang. — Shuningdek, xom ashyo va ehtiyot qismlarni ham bizda xarid qilishmoqda. Ammo bu bilan chegaralanib qolmoqchi emasmiz. Yurtingizda chet ellik investorlar uchun berilayotgan yengilliklar hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga undamoqda. Yaʼni biz 2020-yilda 500 ming dollar miqdorida investitsiya kiritmoqchimiz.

“Miss Lighting” korxonasining birinchi bosqichi doirasida 18 turdagi lampalar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Ular nafaqat energiya tejamkorligi, balki ekologik jihatdan tozaligi va uzoq muddat xizmat qilishi bilan turdoshlaridan ajralib turadi. Shu bois korxona rahbariyati xorijiy investitsiya jalb qilib, faoliyatini muntazam ravishda kengaytirish niyatida.

— Yigirma yillik biznes faoliyatimiz davomida yoritish uskunalari savdosi bilan shugʻullanganmiz, — deydi “Miss Lighting” Oʻzbekiston — Xitoy qoʻshma korxonasi rahbari Umida Rahmonova. — Yurtimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibori bizga yangi gʻoya va tashabbusi berdi. Shu tariqa ishlab chiqarishda oʻzimizni sinab koʻrishga qaror qildik va import oʻrnini bosuvchi LED lampalar va qandillar yigʻish, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga ahd qildik. Boshlanishi yomon emas, atrofimizdagi qishloqda yashovchi koʻplab xotin-qizlarni ish bilan taʼminladik.

Qayd etish joizki, kelgusida ichki va chet el investitsiya jalb etish va mablagʻni mahalliylashtirish koʻlamini kengaytirishga yoʻnaltirish moʻljallanmoqda.